Aqlli algoritm: GES samaradorligini nima belgilaydi?
Gidroelektr stansiyalari faqat tok ishlab chiqaradigan inshoot emas. Ayniqsa, kaskad usulida qurilgan, ya’ni bir daryoda ketma-ket joylashgan GESlar daryo havzasidagi bor suv taqsimoti, energiya ta’minoti va qishloq xo‘jaligi manfaatini bir vaqtning o‘zida boshqaradigan murakkab tizim hisoblanadi. Bir majmuadan chiqqan suv keyingi stansiya ish tartibiga ta’sir etadi. Shuning uchun bunday tizimni alohida emas, balki yagona zanjir tarzida boshqarish zarur.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, asosiy vazifa mavjud zaxiradan samarali foydalangan holda quvvat ishlab chiqarishni eng yuqori darajaga yetkazishdir. Binobarin, ayni jarayon ombordagi eng past va eng yuqori sath, ekologiya oqimi, turbina imkoniyati hamda tarmoqdagi yuklama kabi qator cheklov omillari bilan bog‘liq. Shu bois boshqaruv jarayonidagi har bir qaror butun tizim faoliyatiga daxl qiladi.
Mazkur murakkab tizimni boshqarishda matematik usullar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, suvning tabiiy oqimi, yuqori va quyi bosqich o‘rtasidagi bog‘liqlik hamda har bir GES ishlab chiqaradigan quvvatni hisoblab, qaysi vaqt qancha suv o‘tkazish eng maqbul ekanini aniqlaydi. Bunday yondashuv resursdan oqilona foydalanib, ishlab chiqarish miqdorini oshiradi.
Amerikalik matematik Bellmanning jarayonni bosqichma-bosqich tahlil qilib, eng qulay yechim topish imkonini beradigan dinamik dasturlash usuli amaliyotda ko‘p qo‘llanadi. Qatordagi GES soni ortishi bilan hisoblash jarayoni sezilarli darajada murakkablashadi. Ilmiy adabiyotda “la’nati o‘lcham” deb ataladigan bu holat qanchalik murakkablashsa, tizimni hisoblash shuncha ko‘p vaqt, quvvati talab etishini anglatadi.
Shu bois, muhandislar so‘nggi yillarda sun’iy intellekt va zamonaviy me’yorlashtirish algoritmiga tobora ko‘p murojaat qilyapti. Maqsad ma’lum – suvni ham, elektr energiyasini ham ortiqcha ishlatmasdan, imkon darajasida samarali qaror qabul qilish. Shu tariqa nafaqat tizim barqarorligi, balki suvdan unumli foydalanish ham ta’minlanadi.
SIdan gibrid algoritmgacha: GES boshqaruvida yangi bosqich

Zamonaviy suv energetikasida yagona algoritm bor muammoni hal qilib bermaydi. Daryo oqimi doimiy emas, suv sarfi mavsumga qarab o‘zgaradi, elektr iste’moli kun davomida turlicha. Shuning uchun mutaxassislar turli boshqaruv usullarini birlashtirish orqali samarali natijaga erishishdan umidvor.
Uzoq muddatli rejalashtirishda stoxastik dinamik dasturlash alohida ahamiyatga ega. Bu usul suv oqimidagi noaniqlikni hisobga olib, qurg‘oqchil yoki sersuv mavsum uchun alohida ish uslubi yaratadi. Natijada suvdan foydalanish xavfi kamayadi, yanada asosli qaror qabul qilinadi.
So‘nggi yillarda ushbu sohaga SI jadal kirib kelmoqda. Xususan, neyron tarmoq daryo suvi sarfini aniqroq bashorat qilish imkonini bersa, “Reinforcement Learning” texnologiyasi tizimga tajriba asosida mustaqil qaror qabul qilishni joriy etadi. Bu an’anaviy uslub foyda bermagan holatda samarali yechim taklif etadi. Bunday muvaffaqiyat ulkan hajmli sifatli ma’lumot va yuqori hisoblash quvvatiga bog‘liq.
Tahlil ko‘rsatishicha, eng yaxshi natija bir necha algoritmni uyg‘unlashtirgan gibrid yondashuv orqali ta’minlanadi. Avvaliga evolyutsion algoritm maqbul yechim izlaydi, keyin boshqa qulay usullar natijani yanada aniqlashtiradi. Shu tariqa nafaqat hisoblash jarayoni tezlashadi, balki yirik, murakkab suv-energetika tizimini samarali boshqarish imkoni ortadi.
Ayni yondashuv Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, Norin va Chirchiq-Bo‘zsuv kaskadlari kabi yirik tizimlarda suvni energetika va sug‘orish ehtiyoji o‘rtasida oqilona taqsimlash strategik vazifa hisoblanadi. Eng qulay boshqaruv algoritmi quvvat ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, suvni tejash va energetika tizimi barqarorligini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Abdulloh Hamzaaliyev,
Birmingem universiteti
Muhandislik maktabi talabasi,
Energetika vazirligi
Markaziy dispetcherlik markazi
tezkor shtabi xodimi