Endi tuproq tahlillarini masofadan olish mumkin (+video)
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining Respublika agrokimyoviy tahlil markazi tomonidan bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga mo‘ljallangan 2 million 700 ming gektar maydonning raqamli xaritasi shakllantirildi.
Ushbu voqea yurtimiz agrosanoatida juda katta ahamiyatga ega. Chunki, yerning tarkibini yaxshi bilmasdan turib ko‘zlangan mo‘l hosilga erishish qiyin, albatta. Qaysi maydonga qancha mineral o‘g‘it, qancha suv, qanday agrotexnik tadbirlarni olib borish uchun ham ekin maydonidagi yerning xususiyatini yaxshi bilish kerak. Tuproq tarkibida shuningdek bakteriyalar, zamburug‘lar, aktinometrlar, protozoylar kabi mikroorganizmlar ham bor.
Tuproq strukturasi laboratoriyada tekshiriladi va namunalardan olingan natijalar “Agrolab” platformasida umumlashtiriladi va mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi yerlarining umumiy holati bo‘yicha ma’lumotlar shakllantiriladi. Tahlil natijalari raqamlashtirilganligi bois endi masofadan turib ham yerning xususiyatlari haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
- Tuproq agar sog‘lom bo‘lsa, o‘simliklar yetishtirilganda ularning tashqi ta’sirga, kasallik va zararkunandalarga chidamlilik darajasi yuqori bo‘ladi, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining Respublika agrokimyoviy tahlil markazi direktori Vasliddin Muhiddinov. – Buning hisobiga ortiqcha pestitsidlarni ishlatish, zararli kimyoviy vositalarni qo‘llashga hojat qolmaydi va qanchalik organiklarni ko‘proq beradigan bo‘lsak, yetishtiriladigan mahsulotimizning sifat ko‘rsatkichlari shunchalik yuqori bo‘ladi.
Tuproq tahlili ekinlarning ehtiyojini aniq baholash, o‘g‘itlardan oqilona foydalanish va tuproq unumdorligini saqlashning asosidir. Shu bois namunalar eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy uskunalarda tekshiriladi.
- Yerdan foydalanuvchi bugungi kunda qancha o‘g‘it qo‘llash kerak, qancha me’yor, muddati bularni biz hammasini raqamlashtirib qo‘yganmiz, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining Respublika agrokimyoviy tahlil markazi bosh mutaxassisi Ibrohim Balqiyev. – 42 mingdan ziyod yerdan foydalanuvchining qaydnomalari raqamlashtirilgan. Xaritanomalar yerdan foydalanuvchilar smartfonlariga havolasiz yuboriladi. O‘ziga tegishli yer maydonining istalgan vaqtda, istalgan joyida ko‘rish imkoniyatini beradi.
Aslida soha keng va agrokimyoviy tahlilning ahamiyati biz tasavvur qilgandan ancha katta. Eng muhim xulosa shuki, qishloq xo‘jaligida yuqori daromad olish uchun tuproqning “sog‘lomligiga” befarq bo‘lmaslik kerak.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RSySV0Xj7fs" title="Endi tuproq tahlillarini masofadan olish mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Salim Obidjonov, O‘zA