Aniq vazifalar belgilashga ustuvor ahamiyat qaratildi
Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi murojaatlarini joyida o‘rganish va ularni qanoatlantirish samaradorligini oshirish bugun davlat boshqaruvi tizimidagi ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil bu boradagi ishlarning asosiy mezoni sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ana shu tamoyil asosida O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Azlarjon Sodiqovning Buxoro shahrida sayyor qabuli o‘tkazildi.
Unda yuridik va jismoniy shaxslarning qurilish sohasi, ko‘p kvartirali uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatish, kommunal xizmatlar, shuningdek, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarish tizimi bilan bog‘liq murojaatlari tinglandi.
Sayyor qabulning ahamiyati shundaki, unda murojaatlarni faqat qabul qilish emas, balki muammoning asl sabablarini aniqlash, uning qonuniy yechimini topish va mas’ul tashkilotlar zimmasiga aniq vazifalar belgilashga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Qabul jarayonida bildirilgan har bir murojaat atroflicha ko‘rib chiqilib, fuqarolarga amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berildi. Ayrim masalalar murojaatchilar ishtirokidayoq joyida hal etilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan holatlar bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga joyiga chiqqan holda o‘rganish va natijasi yuzasidan aniq choralar ko‘rish vazifasi yuklatildi. Qabul davomida 40 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi.
Ularda ko‘tarilgan masalalarning mazmuni sohada aholini o‘ylantirayotgan muammolarni ochiq-oydin ko‘rsatib beradi. Zero, qurilish sifati, ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish, ichimlik suvi hamda oqova tizimlarining barqaror ishlashi — insonlarning kundalik hayoti va munosib turmush sharoiti bilan bevosita bog‘liq.
Shu bois sayyor qabulda har bir murojaatni alohida nazoratga olish, masalaning qog‘ozda emas, amalda hal etilishiga erishishga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.

Bunday sayyor qabullar davlat organlari va aholi o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash bilan birga, joylardagi tizimli muammolarni aniqlash uchun ham muhim maydon vazifasini bajaradi. Eng muhimi, fuqaro o‘z muammosi bilan mas’ul rahbarga bevosita murojaat qilishi, masalaning yechimi bo‘yicha aniq muddat va mas’ullarni bilishi davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri