Andijonlik gimnastikachi qizlar jamoasi g‘olib bo‘ldi
Andijon shahridagi Universal sport majmuasida badiiy gimnastika bo‘yicha qizlar o‘rtasida “GOLDEN AUTUMN” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda badiiy gimnastika turini rivojlantirish va ommalashtirish, qizlarning sportning ushbu turiga bo‘lgan qiziqishini oshirish, yosh sportchilarni munosib rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, turli musobaqalarning o‘tkazilishi badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan qizlarning iqtidor va mahoratlarini to‘laqonli namoyon etishlariga keng imkon bermoqda.
Andijon viloyati hokimligi, sport boshqarmasi, gimnastika federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilgan xalqaro turnirda respublikamiz sportchilari, shuningdek, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya davlatlaridan tashrif buyurgan 2006–2021-yillarda tug‘ilgan 500 nafardan ziyod gimnastikachi qizlar ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.


Bellashuvlar davomida ishtirokchilarning texnik tayyorgarligi, ijro mahorati va nafis chiqishlari nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
– Ishtirokchilar yakkalik va jamoaviy chiqishlar orqali o‘z mahoratlarini namoyish etdi, – deydi Andijon viloyati gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi murabbiyi Muhsina Foziljonova. – Qatnashchilar chiroyli chiqishlari bilan sportning nafis turi hisoblangan badiiy gimnastikaning o‘ziga xos nozik jihatlari, texnikasini puxta o‘zlashtirib olganliklarini ko‘rsata oldi. Xalqaro musobaqada Andijon viloyati gimnastikaga ixtisoslashgan sport maktabi gimnastikachi qizlar jamoasi jamoaviy chiqishlarda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganligi biz – murabbiylarni behad quvontirdi.

Turnir g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan, tegishli medal, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, yuqori natijalarni qayd etgan sportchilarning murabbiylari ham munosib rag‘batlantirildi.

Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri.