Andijonlik gandbolchi qizlar g‘olib
Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” uchun o‘tkazilgan qizlar o‘rtasidagi gandbol musobaqasining respublika bosqichi yakuniga yetdi.
Mamlakatimizda mahalla yoshlarini, xususan, qizlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida Andijon shahridagi universal sport majmuasida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi gandbol musobaqasining respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
[gallery-31372]
- “Besh tashabbus olimpiadasi”ning gandbol musobaqasi respublika bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi, - deydi musobaqa bosh hakami Zohidjon Axunov. - Qiziqarli va murosasiz bahslar asosida o‘tgan o‘yinlarda har bir jamoa g‘alaba, g‘oliblik uchun astoydil kurashdi. Yakunda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan Andijon va Samarqand viloyatlari gandbolchi qizlar finalda o‘zaro kuch sinashdi. Uchrashuvda 20:10 hisobida andijonlik gandbolchilarning qo‘li baland keldi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda Navoiy va Jizzax viloyatlari jamoalari bahs olib bordi. Yakunda 26:7 hisobi qayd etilib, navoiylik gandbolchilar g‘olib bo‘ldi.
Shunday qilib, musobaqada birinchi o‘rin Andijon, ikkinchi o‘rin Samarqand, uchinchi o‘rin esa Navoiy viloyatlari jamoalariga nasib etdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov g‘olib va sovrindor jamoalarni muborakbod etdi, ularga tegishli diplom, medal hamda kubokni topshirdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari