O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda mamlakatimizda kadastr tizimini rivojlantirish, sohaning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari, tuman, shahar bo‘lim va filiallari tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
– Boshqarmamiz, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan 2021 yilda jami 767 ta holatda 108,7 gektar yer maydonidan noqonuniy tarzda foydalanish holatlari aniqlandi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov. – Aniqlangan holatlarni bartaraf etish yuzasidan olib borilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari natijasida 251 ta yoki 32,7 foiz noqonuniy holat bartararaf etildi. Yer maydonlari asl holiga qaytarildi, 133 ta holat bo‘yicha esa sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan. Yerdan foydalanish, tasarruf etish yuzasidan qonunbuzilish xolatlari bo‘yicha 2 ming 104 ta huquqbuzarga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Natijada ularga nisbatan 1 milliard 313 million 265 ming so‘mdan ziyod jarimalar qo‘llanilgan. O‘tgan davr mobaynida qo‘llanilgan jarimalarning 78 foizi yoki 653 million 991 ming so‘m miqdordagi mablag‘ undirilgan.
Shuningdek, anjumanda Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi va uning hududiy filiallari tomonidan o‘tgan 2021 yilda 14 milliard 201 million so‘mlik kadastr xizmatlari ko‘rsatilganligi aytildi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun jami 7 ming 384 ta bo‘sh yer uchastkalari “Yerelektron” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilib, shundan 1 ming 577 ta bo‘sh yer uchastkalari auksion savdolari orqali sotilgan. Shuningdek, 554 ta bo‘sh yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilgan. Bundan tashqari, viloyat bo‘yicha umumiy maydoni 261 ming 243 gektarni tashkil etadigan 11 ming 519 ta qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Uzkad” elektron platformasiga kiritilgan. Shundan 9 ming 553 ta foydalanishda bo‘lgan yer maydonlariga nisbatan huquqlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 avgustdagi “Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida” gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ham ma’lumotlar berildi. Xatlov jarayonida Asaka tumanida 61 ming 718 ta, Shahrixon tumanida 52 ming 39 ta, jami 113 ming 757 ta turar-joy mavjudligi aniqlangan. Huquqiy hujjatlari bo‘lmagan 82 ming 338 ta xonadon aniqlangan.
Anjumanda boshqarmalarning 2022 yildagi asosiy vazifa va ish rejalari haqida ham ma’lumot berildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlarini qiziqtirgan barcha savollariga mutasaddi va mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
[gallery-5501]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA