Davlat Kadastr agentligi hamda Kadastrlar palatasi Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari, blogerlar soha mutasaddilari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda kadastr tizimini rivojlantirish, sohaga oid qonunlar, qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Anjumanda Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari, Kadastrlar palatasi viloyati boshqarmasi tomonidan 2025 yilning o‘tgan olti oyi davomida yer qonunchiligiga oid, shuningdek, murojaatlar bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
– Boshqarma, tuman, shahar bo‘limlari mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar, yer nazorati tadbirlari davomida joriy yilning birinchi yarmida 3 ming 588 ta holatda 71,8 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov. – Aniqlangan noqonuniy holatlarni sodir etgan shaxslarga qonunbuzilish holatini bartaraf etish yuzasidan xatlar yuborildi, tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada 3 ming 230 ta qonunbuzilish holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi. Shu bilan birga, 101 ta holat bo‘yicha qonunbuzilish holatini majburiy bartaraf etish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi, 75 ta aniqlangan qonunbuzilish holatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.
[gallery-24158]
Bundan tashqari, yer, kadastr va geodeziya sohasidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishi bilan bog‘liq 4 ming 496 ta holat bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Aniqlangan huquqbuzarliklarning 1 ming 2 tasiga ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, anjumanda 2024 yil 5 avgustda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Xususan, 2018 yil 1 mayga qadar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan ko‘chmas mulk ob’ektlari reja asosida, bosqichma-bosqich xatlovdan o‘tkazilmoqda.
Joriy yilda viloyatdagi 292 ta mahallada xatlov ishlarini o‘tkazish belgilangan. Bugungi kunda reja-jadvalga asosan 279 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari chegaralarida UZKAD tizimi hamda ushbu mahallalarda 3 ming 307 ta inventarizatsiya hududi yaratildi.
Inventarizatsiya hududidagi 35 ming 137 ta ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha xatlov o‘tkazildi va ko‘chmas mulk ob’ektlarining chizmalarini shakllantirish ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumanda Davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.
– Joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida kadastr pasportini shakllantirish uchun 59 ming 368 ta murojaat kelib tushdi, – deydi Davlat kadastrlar palatasi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Dilshodbek Akbarov. – Murojaatlarning 29 ming 505 tasi ijobiy hal etilgan va belgilangan tartibda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 2 ming 576 ta murojaat ko‘rib chiqish jarayonida, 1 ming 385 tasi to‘lov jarayonida hamda 25 ming 902 ta murojaat rad etilgan. Ularning rad etilish sabablari murojaatchilarga belgilangan tartiblar doirasida tushuntirildi.
Ko‘chmas mulk va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun 77 ming 846 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 39 ming 812 tasi ijobiy hal etilib, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, 30 mingdan ziyod arizalarda kamchiliklar bo‘lganligi uchun ko‘rib chiqilishi rad etilgan.
Shuningdek, anjumanda tizim xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsion holatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish, xodimlarning bu boradagi bilim, tushuncha va mas’uliyatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu hamda kadastr sohasiga oid savollariga mutasaddilar batafsil javob qaytardi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.