Amir Temur davlatida korrupsiyaga qarshi tizimli kurash va uning amaliy natijalari
Mansabdor shaxslarning o‘z vakolatini suiiste’mol qilishi va xalq hisobidan boylik orttirish vasvasasi bo‘lgan korrupsiya insoniyat davlatchilik tarixining barcha bosqichlarida jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘lib kelgan eng og‘ir illatlardan biridir.
Dunyo sivilizatsiyalari tajribasi shuni ko‘rsatadiki, buyuk saltanatlarning ravnaqi yoki inqirozi faqat qo‘shinlar qudrati yoxud xazina boyligi bilan emas, balki boshqaruv mexanizmining sofligi, qonunlarning barcha uchun baravarligi hamda tamagirlikka qarshi murosasiz munosabat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan. O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo hududida markazlashgan qudratli davlat barpo etgan Amir Temur boshqaruvida ham ushbu masalaga ichki barqarorlik va milliy xavfsizlikning o‘q ildizi sifatida qaralgan. Davlat ravnaqini adolat mezonlari ustiga qurgan Sohibqiron nopok amaldorlarning xiyonati mamlakat poydevorini ich-ichidan yemirishini teran anglagan edi.
Amir Temur mansabparast va molparast kimsalarning shaxsiy boylik to‘plash yo‘lida har qanday razillikka borishi, bu illat esa butun boshqaruv tizimida korrupsiyaning ildiz otishiga sabab bo‘lishini oldindan ko‘ra bilgan. Shu bois davlatga xiyonat qilish, poraxo‘rlik, vakolat chegarasidan chiqish va umumxalq manfaatlari hisobiga nafsini qondirish eng og‘ir jinoyatlar qatoriga kiritilgan. Sohibqiron bu xavfni bartaraf etish uchun faqat jazolash bilan cheklanmay, birinchi navbatda, poraxo‘rlikni keltirib chiqaruvchi ijtimoiy-iqtisodiy omillarni yo‘qotishga intilgan.
Bu borada qabul qilingan muhim chora-tadbirlardan biri davlat idoralari xizmatchilarining oylik maoshlarini keskin oshirish bo‘ldi. Muhim lavozimlarda faoliyat yurituvchi amaldorlar, hisobchilar va nufuzli devon vakillarining ta’minoti oddiy xizmatchilarnikiga nisbatan o‘n, yuz, zarur o‘rinlarda esa ming barobargacha ko‘paytirib belgilandi. Bu tartib davlatga xizmati tegadigan iqtidorli arboblar va ilm egalarining moddiy muhtojlik orqasidan egri yo‘lga kirmasligini kafolatlagan. Shu tariqa, maxsus farmon va qoidalar orqali har bir mansabdorning xizmat vazifasiga qarab haq to‘lash tizimi joriy etildi, ularning shaxsiy hamda intizomiy javobgarligi qat’iy me’yorlashtirildi.
Biroq yuqori maosh va keng imtiyozlar mas’uliyatni zarracha pasaytirmagan, aksincha, nazoratni yanada kuchaytirgan. Saltanat hududlarida vaqti-vaqti bilan kutilmagan taftishlar, so‘rov va tergovlar o‘tkazib turilgan. Qonun talablari oldida oddiy xizmatchidan tortib hukmdorning eng yaqin safdoshlari va oila a’zolarigacha teng hisoblangan. Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh hamda nabirasi amirzoda Pirmuhammad o‘z lavozimlarini suiiste’mol qilganliklari, fuqarolar va davlat manfaatlarini himoya qilishda sovuqqonlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun shafqatsiz tarzda jazoga tortilganlar. Ushbu voqelikni nafaqat Sharq muarrixlari, balki Sohibqironga xayrixoh bo‘lmagan yevropalik tarixchilar ham qat’iy tasdiqlab, qonun oldidagi tenglikning yorqin namunasi sifatida e’tirof etadilar.
Tarixchi Erkin Azimovning “Amir Temur saltanati” kitobida keltirilishicha, hukmdor har gal uzoq yurishlardan poytaxtga qaytganida, Samarqand aholisining turmush sharoitini shaxsan o‘rganib, maxsus belgilangan kunlarda fuqarolarning arz-dodlarini bevosita qabul qilgan. Mazkur ochiq qabullar davomida shahar hokimi va boshqa ma’murlarning xalqqa nisbatan adolat bilan ish tutgan-tutmagani, tamagirlikka yo‘l qo‘yilgan-qo‘yilmagani aniqlangan. O‘sha davrda hayotiy zarurat bo‘lgan suv taqsimoti tizimidagi qonunbuzarliklar eng og‘ir jinoyat hisoblangan. Ariqlarni to‘sib qo‘yib, faqat pora berganlargagina suv ochib bergan miroblarning xatti-harakati odam o‘ldirish bilan tenglashtirilgan. Hukmdor bunday ishlarni xolis kishilar – nufuzli sayyidlar ishtirokida sinchiklab ko‘rib chiqqan va aybdorlarni o‘sha yerning o‘zida jazolagan.
Boshqaruvdagi poraxo‘rlik va adolatsizlikni jilovlashda xalq vakillarining fikri muhim tayanch bo‘lgan. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida ta’kidlanishicha, Amir Temur fozil kishilar bilan muloqotlaridan birida: “Mamlakatning ahvoli, devon ishlarining suiiste’mol qilinganligi, oddiy odamlarning joylardagi hokimlar tomonidan qisib qo‘yilishi kabi hollar menga qaraganda sizlarga ko‘proq ayondir. Shu kabi adolatsiz ishlarni bartaraf etuvchi, qonunlarga muvofiq choralar haqida ma’lumot bersangizlar, ayni muddao bo‘lur edi”, deya ta’kidlaydi. Bu dalil Sohibqiron korrupsiyaning oldini olishda keng jamoatchilik fikri va ochiq muloqot tizimidan unumli foydalanganini ko‘rsatadi.
Mazkur qat’iy talablar xorijlik diplomatlarning ham e’tiborini tortgan. 1404-yilda Samarqandga tashrif buyurgan Ispaniya qiroli Genrix III ning elchisi Rui Gonsales de Klavixo o‘z esdaliklarida shu yilning 9-oktabr kuni ro‘y bergan hayratlanarli voqeani yozib qoldirgan. O‘sha kuni shahar markazida to‘plangan olomon oldida Samarqandning oliy martabali amaldori mansabini suiiste’mol qilgani va davlatga xiyonat etgani uchun qattiq jazolanadi. Elchining alohida qayd etishicha, jazoga hukm qilingan shaxs davlatdagi eng nufuzli odamlardan biri bo‘lib, Temurbek uni bundan olti yil-u o‘n bir oy muqaddam Samarqandga bosh boshqaruvchi etib tayinlagan edi. Biroq xizmat mavqei ham, yuksak martaba ham uni qonuniy jazodan asrab qololmadi.
Amir Temur davlatida korrupsiyaga qarshi kurash chuqur o‘ylangan, izchil ishlaydigan mukammal tizim asosiga qurilgan. Moddiy ta’minotning kafolatlanishi, vakolat chegaralarining aniq belgilanishi, muntazam nazorat va qonun oldidagi qat’iy tenglik saltanatning qudratini ta’minlagan. Samarqand maydonlarida chiqarilgan odil hukmlar va adolat mezonlarining og‘ishmay ijro etilishi nafaqat o‘rta asrlar davlatchiligi barqarorligini mustahkamladi, balki bugungi kun uchun ham ibratli tarixiy saboq bo‘lib xizmat qiladi.
Shohjahon SIROJIDDINOV,
O‘zbekiston Milliy arxivi ilmiy xodimi