Amir Temur korrupsiyaga qarshi qanday kurashgan?
Mansabdor shaxsning boyish maqsadida oʻz mansabi bilan bogʻliq huquqlarini suiisteʼmol qilishi – korrupsiya eng qadimiy jinoyatlardan biri hisoblanadi.
Mansabdor shaxsning boyish maqsadida oʻz mansabi bilan bogʻliq huquqlarini suiisteʼmol qilishi – korrupsiya eng qadimiy jinoyatlardan biri hisoblanadi.
Yer yuzidagi turli davlatlar oʻtmishda va hozirda dunyoning barcha qitʼalarida korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz kurash olib borganlar va olib boradilar ham. Lekin hozircha uni batamom yoʻq qilishning yoʻli topilganicha yoʻq.
AYRIM AMALDORLAR MAOSHI ODDIY XIZMATCHINIKIDAN MING BAROBAR ORTIQ BOʻLGAN
Oʻrta asrlarning yirik davlat arbobi, markazlashgan davlat asoschisi Amir Temur ham oʻz davlatida korrupsiyaga qarshi keskin kurashgan. Tarixchi olima Shohista Oʻljayevaning qayd etishicha, Sohibqiron mansabparast va molparast amaldorlarning oʻz maqsadlariga yetishish uchun har qanday yoʻlga kirishi, buning oqibatida korrupsiya urchishi mumkinligini yaxshi tushungan.
Amir Temur hukmdorga xiyonat, poraxoʻrlik, mansabini suiisteʼmol qilish, xalq manfaatidan oʻz manfaatini ustun qoʻyish singari oʻta xavfli illatlarni qatʼiy choralar bilangina bartaraf etish mumkinligini chuqur anglab, ularga nisbatan chora-tadbirlar qoʻllagan.
Shunday chora-tadbirlardan biri sifatida davlat organlari xodimlarining oylik maoshlari oddiy xizmatchilarnikidan oʻn, yuz hatto ming barobargacha koʻpaytirilgan. Amir Temur saltanat saroyidagi davlat uchun manfaati tegadigan kuchli arboblar va olimlarning maoshini koʻtarish orqali poraxoʻrlik va boshqa illatlarning oldini olishga, ularni munosib taqdirlashga harakat qilgan.
Shu tariqa, farmon hamda qonunlarda mansabdor shaxsning mansabiga qarab haq toʻlash, uning shaxsiy va intizomiy javobgarligi, sovgʻalar olishi masalasi meʼyorlashtirilgan. Shuningdek, markaziy va mahalliy davlat organlari tizimini tashkil etishda davlatga qarshi jinoyatlar hamda korrupsiyaning oldini oladigan qonuniy asoslar yaratilgan.
AMIR TEMUR KORRUPSIYAGA QOʻL URGAN AVLODLARINI HAM AYAMAGAN
Amir Temur davlatida vaqti-vaqti bilan soʻrov, tekshirish, taftish, tergovlar oʻtkazib turilgan. Oʻz amalini suiisteʼmol qilish, poraxoʻrlik kabilar ogʻir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan. Suiisteʼmol qilish raiyat orasidagina emas, Temur avlodlari orasida yuz berganida ham ular tegishli jazolarga tortilganlar.
Chunonchi, Amir Temurning uchinchi oʻgʻli Mironshoh, nevarasi amirzoda Pirmuhammad lavozimlarini suiisteʼmol qilganliklari, fuqaro va davlat manfaatini himoya qilishda sovuqqonlikka yoʻl qoʻyganliklari uchun hazrat sohibqiron tomonidan qattiq jazolanganliklarini temurshunos tarixchilarning aksariyati, hatto Amir Temur shaxsiyatini unchalik xush koʻrmagan osiyolik va yevropalik tarixchilar ham qayd etadilar.
Erkin Azimovning “Amir Temur saltanati” kitobida Sohibqironning korrupsiyaga qarshi kurash jarayonida qoʻllagan choralaridan biri bayon etilgan. Unda qayd etilishicha, Amir Temur har gal safardan qaytganda Samarqand aholisining ahvolidan xabar olar va maʼlum kunlarda arzchilarni qabul qilar edi. Bu qabul paytida shahar hokimi va amaldorlar oddiy xalqqa nisbatan qanday muomala qilayotganini bilib olar edi.
Oddiy dehqonlardan bir guruhi miroblar ishidan norozi edilar. Miroblar ariqlarni toʻsib, kim pora bersa, ularga suv ochib berayotgan edilar. Bu qingʻirlik odam oʻldirish kabi ogʻir jinoyat bilan teng edi. Amir Temur bu ogʻir jinoyatni koʻrib chiqar, xolis kishilarni – sayyidlarni chaqirar va ular ishtirokida odil hukm chiqarib, aybdorni shu yerda jazolab, Zarafshon daryosiga tashlab yuborishga farmon berar edi.
SOHIBQIRON KORRUPSIYAGA QARSHI JAMOATCHILIK NAZORATINI KUCHAYTIRISHGA INTILGAN
Amir Temur mansabini suiisteʼmol qilib, davlat va xalq haqiga xiyonat qilgan shaxslarni qanday mansab egasi boʻlishidan qatʼi nazar, jazosiz qoldirmasdi. Masalan, 1404-yili Samarqandda boʻlgan Ispaniya qiroli Genrix III ning elchisi Lui Gonsalses de Klavixo Amir Temurning 1404-yil 9-oktyabr kuni oʻz mansabini suiisteʼmol qilib, davlatga xiyonat qilgan amaldorlarni xalq koʻzi oldida jazolagani haqida guvohlik beradi. “U, – deb yozadi Klavixo, – Samarqand imperiyasida eng katta odam edi. Temurbek bundan olti yilu oʻn bir oy avval uni alkald (vazir) etib tayinlab ketgan edi. U boʻlsa shu vaqt ichida mansabini suiisteʼmol qildi”.
Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”sida bayon etilishicha, Amir Temur olim-ulamolar bilan suhbatlaridan birida soʻzlagan nutqida: “Mamlakatning ahvoli, devonning suiisteʼmol qilinganligi va qilinayotganligi, oddiy odamlarning joylardagi hokimlar tomonidan qisib qoʻyilishi kabi hollar ham mendan koʻra sizlarga ayondir. Shular haqida maʼlumot bersangizlar, bu kabi adolatsiz ishlarni bartaraf etuvchi hamda shariat va qonunlarga muvofiq chora-tadbirlarni aytsangizlar yaxshi boʻlur edi”, deydi. Demak, Amir Temur korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik nazoratidan foydalanish lozim deb hisoblagan.
Alisher EGAMBERDIYEV