“Alisher Navoiyning asri va nasri” asari o‘zbek tilida nashr etildi
Taniqli ozarbayjonlik adabiyotshunos olima, yozuvchi, publitsist, filologiya fanlari doktori va professor Almazxonim Ulvi Binnatovaning “Alisher Navoiyning asri va nasri” asari o‘zbek tilida chop etildi.
Istiqlol yillarida milliy adabiyotimizning eng sara namunalarini jahonga taqdim etish, so‘z san’atimiz ravnaqiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk shoir bobolarimizning boy merosini targ‘ib etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Sharq adabiyotining zabardast tadqiqotchisi, professor Almaz Ulvi Binnatova O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini mustahkamlash, adabiy aloqalarimizni yanada kengaytirish va ravnaq toptirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi va zahmatkash ijodkorlardan sanaladi. U Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasining (OMFA) Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutida “Ozarbayjon — Turkmaniston — O‘zbekiston adabiy aloqalari” bo‘limi mudiri va bosh ilmiy xodimi sifatida faoliyat yuritadi. Olima qariyb 30 yildan buyon o‘zbek adabiyotini Ozarbayjonda tadqiq va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Almazxonim Ulvi Binnatova, ayniqsa, hazrat Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. Professor Almaz Ulvi turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek va ozarbayjon adabiy aloqalari tarixini tizimli o‘rganib kelayotgan eng yetakchi olimlardan biridir. Uning ilmiy merosi 300 ga yaqin maqola va ko‘plab monografiyalarni o‘z ichiga oladi.
Ijodkorning “Alisher Navoiyning asri va nasri (ilmiy-filologik va diniy-tasavvufiy asarlari)” monografiyasida hazrat Navoiy bobomiz yashagan ijtimoiy-madaniy muhit, buyuk shoirning ma’naviy-axloqiy qiyofasi va nasriy asarlarining o‘ziga xos jihatlari bir butun tarzda tadqiq etilgani bilan ahamiyatli.

“Alisher Navoiyning asri va nasri (ilmiy-filologik va diniy-tasavvufiy asarlari)” kitobida tarixiy davr, ijtimoiy-siyosiy muhit manzaralarining tasviri adabiy muhit tasviri bilan uyg‘un ifodalangan bo‘lib, u shu jihati bilan adabiyotshunoslikda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Mazkur kitob dastlab 2020-yilda Bokuda ilk bor nashr etildi. Keyinchalik 2023-yilda qardosh yurtda qayta nashr etildi.
Navoiy hazratlari ijodiga mehri tushgan olima Almazxonim Ulvi Binnatovaning ushbu katta tadqiqoti mukammal ilmiy-akademik uslubda, ravon va maroqli ifoda tarzida yozilgan. Asar katta hajmdagi ilmiy materialni qamrab olgani, maxsus o‘rganilmagan adabiy manbalar tahliliga bag‘ishlangani va nazariy xulosalarga boyligi bilan navoiyshunoslik fanining keyingi rivoji uchun xizmat qiladi. Bu tadqiqot nafaqat ozarbayjonlik mutaxassislar va muxlislar, balki barcha turkiy tilli xalqlar e’tiboriga taqdim etilishi maqsadga muvofiq.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda ilmiy tadqiqotchi Ozoda Norimova tomonidan ushbu qimmatli asar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, navoiyshunos olima Dilorom Salohiy mas’ul muharrirligida “Fan” nashriyotida nashr etilib, o‘zbekistonlik o‘quvchilar diqqatiga havola etilishi ayni muddao bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri