Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tasdiqlandi.
Quyidagilar Tashkiliy qo‘mitaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
xalqaro olimpiadani tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish;
xalqaro olimpiadaning dasturi va logotipini ishlab chiqish hamda g‘oliblarga beriladigan medallar eskizini tasdiqlash;
xalqaro olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;
xalqaro olimpiada o‘tkaziladigan joy, ishtirokchilarni ro‘yxatga olish va xalqaro olimpiadani o‘tkazish muddatlarini belgilash;
mahalliy va xalqaro ekspertlarni shartnoma asosida jalb etgan holda, xalqaro olimpiadaning Hakamlar hay’ati va apellyatsiya komissiyasi tarkibini tasdiqlash;
xalqaro olimpiadani o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha barcha masalalarni tezkorlik bilan hal etish.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligining Fan olimpiadalari markazi Tashkiliy qo‘mitaning ishchi organi hisoblanadi.
Xalqaro olimpiadada 14-18 yoshdagi chet elda istiqomat qiladigan vatandoshlar ishtirok etadi.
Xalqaro olimpiadada ishtirok etadigan xorijiy ishtirokchilar va jamoa rahbarlarini kutib olish, mehmonxonaga joylashtirish, ovqatlantirish, shaharda harakatlanish uchun transport vositalaridan foydalanish, ekskursiyalar tashkil etish, xalqaro olimpiada ishtirokchilari va g‘oliblariga beriladigan sertifikatlar, medallar va diplomlar, esdalik sovg‘alarini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar “Vatandoshlar” jamoat fondi, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Xalqaro olimpiada har yili oktabr oyiga qadar o‘tkaziladi hamda g‘oliblar tantanali tarzda taqdirlanadi.
Mazkur Nizom Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish, o‘tkazish hamda g‘oliblarni taqdirlash tartibini belgilaydi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-308-son qaroriga muvofiq:
Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini har yili o‘tkazib borish;
xalqaro olimpiada g‘oliblarini respublika oliy ta’lim tashkilotlarining “Filologiya va tillarni o‘qitish:
o‘zbek tili va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishiga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish belgilangan edi.
O‘zA