Xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi – xorijdagi yoshlar uchun yangi imkoniyat
Dunyo miqyosida milliy tillarga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgan bir paytda o‘zbek tilini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishga qaratilgan yana bir muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. Endi xorijda yashovchi yoshlar Alisher Navoiy nomi bilan atalgan xalqaro o‘zbek tili olimpiadasi orqali o‘z bilim va iqtidorini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-maydagi tegishli qarori bilan “Alisher Navoiy nomidagi xalqaro o‘zbek tili olimpiadasini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur xalqaro olimpiadaning asosiy maqsadi — xorijiy davlatlarda o‘zbek tili yoki xorijiy tillarda ta’lim olayotgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘zbek tilini o‘rganishni keng targ‘ib qilish, ularning tilni chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishdan iborat.
Nizomga ko‘ra, xalqaro olimpiadada 14–18 yoshdagi chet elda istiqomat qiluvchi vatandosh maktab o‘quvchilari yakka yoki jamoaviy tarzda ixtiyoriy ishtirok etadi. Olimpiada har yili oktabr oyiga qadar ikki bosqichda — test topshiriqlari va yozma ish shaklida o‘tkaziladi. Ishtirokchilar tanlovda onlayn yoki oflayn shaklda qatnashishi mumkin.
Eng muhimi, xalqaro olimpiada g‘oliblari respublika oliy ta’lim muassasalarining “Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili va adabiyoti” ta’lim yo‘nalishlariga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Mazkur olimpiada nafaqat o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshiradi, balki xorijdagi yosh avlodning milliy qadriyatlar, adabiyot va ma’naviyatga bo‘lgan qiziqishini ham mustahkamlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA