Raqamli texnologiyalar asrida “yashil inqilob”: Yangi tajriba SHHT nigohida
Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida o‘tkazilayotgan “Yashil va barqaror rivojlanish” forumi doirasida Xitoyning ilg‘or texnologiya korxonalari bilan tanishuv dasturi ham bor. Anjumanga taklif etilgan turli mamlakatlar delegatsiyalari dastlab “Hikvision Digital Technology Co., Ltd.” faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
2001-yil tashkil etilgan mazkur korxona bugungi kunda sun’iy intellekt, “aqlli” kuzatuv tizimi va cheksiz ma’lumot (big data) sohasidagi yetakchi texnologiya markazlaridan biriga aylangan. Dastavval video texnologiyaga ixtisoslashgan mazkur jamoa keyinchalik “IoT” – “moddiyat interneti” doirasida o‘z imkoniyatini kengaytirib, turli sensor tizimlari orqali atrof-muhitni izchil tahlil qilish yo‘nalishi bo‘ylab rivojlangan.
Tanishuv davomida “AI+Spectrum” texnologiyasi mehmonlar e’tiborini tortdi. Bu innovatsion yondashuv orqali havo, suv va o‘simlik holatida yuz beradigan o‘zgarish moddaning spektral “barmoq izi” yordamida aniqlanadi. Natijada ekologik monitoring aniq va tez amalga oshadi.
Shuningdek, “AI+Video” texnologiyasi ko‘magida qurilish maydonidagi chang miqdorini nazorat qilish, chiqindi tashish jarayonini kuzatish, havoga ko‘tarilayotgan zararli gaz miqdorini baholash kabi muhim vazifalar avtomatlashtirilgan. “AI+Acoustic” yechimi esa ovoz manbasini aniqlash orqali sanoat va shahar muhitidagi shovqinni nazorat qiladi.
Korxona mutaxassislari taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, “Hikvision” xromatografiya va mass-spektrometriya kabi o‘ta aniq tahlil texnologiyasini ham joriy etgan. Natijada modda tarkibini chuqur o‘rganish va ekologiya xavfini oldindan aniqlash samaradorligi keskin oshirildi.
Umuman, bu galgi tadbir davomida SHHT mamlakatlari vakillari raqamli texnologiya va SI asosida “yashil rivojlanish”ni ta’minlash bo‘yicha Xitoy tajribasi haqida muayyan tasavvurga ega bo‘lishadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA