AKIS: Ilmiy yutuqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalaga olib kirayotgan samarali mexanizm
Yangi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini ilm-fan asosida rivojlantirishda AKIS tizimi muhim o‘rin tutmoqda. Agroxizmatlar markazlari ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etib, fermerlarni zamonaviy bilim va innovatsiyalar bilan ta’minlashda samarali bo‘g‘inga aylanmoqda.
Bugungi kunda dunyo qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida raqobatbardoshlik faqatgina tabiiy resurslardan samarali foydalanish bilan emas, balki ilm-fan, innovatsiyalar va zamonaviy bilimlarni ishlab chiqarishga tezkor tatbiq etish bilan ham belgilanmoqda. Iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklangani, tuproq unumdorligini saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi global chaqiriqlar agrar sohada mutlaqo yangi yondashuvlarni taqozo etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Yangi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini ilm-fan asosida rivojlantirishga qaratilgan islohotlar doirasida Agrar sohada bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Ushbu tizimning muhim bo‘g‘ini hisoblangan Respublika hamda hududiy agroxizmatlar markazlari bugungi kunda ilmiy tadqiqot muassasalari, oliy ta’lim tashkilotlari va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ilmiy yutuqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalaga olib kirayotgan samarali mexanizmga aylandi.
Ilm-fan va amaliyot o‘rtasidagi uzilish bartaraf etilmoqda
Uzoq yillar davomida agrar sohada yaratilayotgan ilmiy ishlanmalarning amaliyotga joriy etilishida muayyan bo‘shliq kuzatilgan. Yangi navlar, resurs tejovchi texnologiyalar va innovatsion yechimlar ishlab chiqarishga kech yetib borgani bois fermerlar ko‘p hollarda an’anaviy usullardan foydalanishda davom etgan.

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida mamlakatning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 13 ta agroxizmatlar markazi aynan shu muammoni hal etishga xizmat qilmoqda. Bugun ular oddiy maslahat markazi emas, balki ilmiy ishlanmalarni joriy etuvchi, innovatsiyalarni sinovdan o‘tkazuvchi va ishlab chiqaruvchilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda manzilli xizmat ko‘rsatuvchi bilim markazlari sifatida faoliyat yuritmoqda.
«Yagona darcha» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan xizmatlar esa fermer xo‘jaliklari, dehqonlar, klasterlar va tomorqa yer egalariga ilmiy tavsiyalar, agrotexnologik yechimlar hamda mutaxassis maslahatlarini bir joyning o‘zida olish imkonini bermoqda.
Bilim – yuqori hosildorlik garovi
Zamonaviy texnologiyalarni yaratishning o‘zi kifoya emas. Ularni ishlab chiqaruvchilarga o‘z vaqtida yetkazish va amaliyotning ajralmas qismiga aylantirish ham muhim.
Shu maqsadda agroxizmatlar markazlari tomonidan ilmiy-amaliy seminarlar, dala ko‘rgazmalari, treninglar va o‘quv dasturlari muntazam tashkil etilmoqda.
2025-yilda respublika bo‘yicha 3 ming 222 ta seminar va trening o‘tkazildi. Jumladan, 1 ming 385 ta o‘quv seminari, 1 ming 220 ta dala ko‘rgazmasi va 617 ta maxsus trening tashkil etildi. Ularda 184 ming 822 nafar soha vakili ishtirok etdi. Ulardan 128 ming 956 nafari fermerlar, 33 ming 192 nafari dehqon xo‘jaliklari vakillari, 22 ming 674 nafari tomorqa yer egalaridir.
2026-yilning birinchi yarim yilligida ham ushbu ishlar izchil davom etdi. Olti oy ichida 1 ming 810 ta tadbir o‘tkazilib, shundan 912 tasi dala ko‘rgazmasi, 597 tasi ilmiy-amaliy seminar va 330 tasi o‘quv-treninglardan iborat bo‘ldi.
Ularda 110 ming 384 nafar qishloq xo‘jaligi sohasi vakili ishtirok etdi. Jumladan, 85 ming 491 nafar fermer, 14 ming 389 nafar dehqon xo‘jaligi vakili hamda 9 ming 952 nafar tomorqa yer egasi qamrab olindi.
Bu raqamlar AKIS tizimining hududlardagi qamrovi kengayib, fermerlarning ilmiy bilim va innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyoji yil sayin ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Har bir murojaatga manzilli yondashuv
Har bir hududning tuproq-iqlim sharoiti va yetishtirilayotgan ekin turlari turlicha bo‘lgani uchun agroxizmatlar markazlari individual yondashuvga ustuvor ahamiyat qaratadi.
2025-yilda mutaxassislar tomonidan joylarga chiqqan holda 128 ming 277 ta individual maslahat berilgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi yarim yilligida bu ko‘rsatkich 29 ming 578 tani tashkil etdi.
Bu esa muammolarni joyida o‘rganish, ilmiy asoslangan tavsiyalar berish va ishlab chiqaruvchilar uchun aniq amaliy yechimlarni taklif qilish imkonini kengaytirmoqda.
Xalqaro tajriba milliy amaliyot bilan uyg‘unlashmoqda
AKIS tizimining muhim jihatlaridan biri mahalliy ilm-fan salohiyatini xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirayotganidir.
2025-yilda markazlar faoliyatiga 1 ming 573 nafar mahalliy olim va 439 nafar xorijiy ekspert jalb etilgan bo‘lsa, 2026-yilning olti oyida 878 nafar mahalliy olim hamda 284 nafar xorijiy mutaxassis fermerlar bilan ishladi.
Ularning ishtirokidagi seminar va amaliy mashg‘ulotlar orqali zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar hamda ilg‘or xalqaro tajriba ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Shuningdek, fermerlarni axborot bilan ta’minlash maqsadida 2025-yilda 142 ming 605 ta tavsiyanoma va 110 ming 693 ta maxsus broshyura tarqatilgan. 2026-yilning birinchi yarim yilligida esa yana 51 ming 332 ta tavsiyanoma hamda 44 ming 555 ta broshyura yetkazildi.
Innovatsiyalar dalada sinovdan o‘tmoqda
Bugungi kunda agroxizmatlar markazlari orqali qishloq xo‘jaligining eng dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha innovatsion texnologiyalar amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.
Jumladan, vernalizatsiya texnologiyasi, biochar orqali tuproq unumdorligini tiklash, bokashi bioo‘g‘itlarini tayyorlash, Carbon Market mexanizmlarini joriy etish hamda resurs tejovchi agrotexnologiyalarni ommalashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mutaxassislar tomonidan 71 ta mavzu bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishga oid bosqichma-bosqich amaliy tavsiyalar ishlab chiqilib, hududlarda keng tatbiq etilmoqda.
Yangi O‘zbekiston agrar siyosatida muhim tayanch
Bugungi kunda agroxizmatlar markazlari ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani ta’minlayotgan muhim institut sifatida shakllandi.
2025-yilda erishilgan natijalar hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligidagi ko‘rsatkichlar AKIS tizimi barqaror rivojlanayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu tizim orqali ilmiy ishlanmalar har bir hudud, har bir fermer va har bir dalagacha yetib borayotgani agrar sohada innovatsion rivojlanishning muhim omiliga aylanmoqda.
Eng muhimi, ilm-fan yutuqlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyasi fermerlarning bilim va malakasini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish, hosildorlikni yuksaltirish hamda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonning raqobatbardosh va innovatsion agrar iqtisodiyotini shakllantirish yo‘lidagi muhim strategik qadamlardan biri hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA