"Akademik va yoshlar" uchrashuvi o‘tkazildi(+video)
Mamlakatimizda yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, ularning salohiyat va iqtidorlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash bugun davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan hisoblanadi. Bu borada ilm-fanning turli sohalarida yuqori natijalarga erishgan holda yurtimizning xalqaro mavqeyini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olimlarimiz va mutaxassislarimizning sa’y-harakatlari alohida e’tirofga loyiq. Shu jihatdan so‘nggi vaqtlarda oliy ta’lim muassasalarida muntazam ravishda tashkil etilayotgan "Akademik va yoshlar" uchrashuvlari talaba-yoshlar o‘rtasida ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagi manzili O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti bo‘lib, universitet Maxsus fakulteti talaba va tinglovchilari bilan taniqli tarixchi olim, tarix fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Axmadali Asqarov bilan uchrashuv tashkil etildi. Ushbu uchrashuv talaba-yoshlar uchun katta ma’naviy va ilmiy ahamiyat kasb etdi.
Ta’kidlash lozimki, Akademik Ahmadali Asqarov – nafaqat O‘zbekiston, balki jahon arxeologiya fanining yirik namoyandalaridan biri, milliy tarixchilik maktabining haqiqiy asoschilaridan hisoblanadi. Uning ilmiy faoliyati Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining eng qadimgi ildizlarini ochib berishga bag‘ishlangan. Ahmadali Asqarovning mehnatlari tufayli O‘zbekiston zamini insoniyat sivilizatsiyasining eng qadimgi o‘choqlaridan biri sifatida dunyo ilm-fanida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Shu boisdan ham uning matonati va ilmiy jasorati yosh olimlar uchun chinakam ibrat maktabidir.
Tadbir davomida olim o‘zining ilmiy faoliyati, O‘zbekiston tarixini o‘rganishdagi izlanishlari hamda tarix fanining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida qimmatli fikrlarini bildirdi. Ayniqsa, yosh avlodda tarixiy xotira, milliy o‘zlikni anglash va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish zarurligini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv talabalarning bilim doirasini kengaytirish, ularni ilmiy izlanishlarga qiziqtirish hamda tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, bunday tadbirlar yoshlarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va ularni kelajakda yetuk mutaxassislar sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/VFDfwm_HiH8?si=JeUBwRMTx8DTTiom" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA