Aholi yashash maskanlarining mobil aloqa bilan qamrovi 99,5 foizga yetkazilgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ayrim maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz hududlarida internet hamda mobil aloqa xizmatlarining qamrov ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshgan. Jumladan, magistral tarmoqlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 2020-yilga nisbatan viloyatlar kesimida 400 Gbit/s dan 600 Gbit/s gacha, tumanlar kesimida esa 40 Gbit/s dan 60 Gbit/s gacha oshirilgan.
“Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida ijtimoiy soha ob’ektlari, jumladan, 10 ming 657 ta xalq ta’limi ob’ekti, 6 ming 988 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ming 786 ta sog‘liqni saqlash ob’ekti, 8 ming 935 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 5 ming 250 ta ichki ishlar organlari tayanch punkti yuqori tezlikdagi ma’lumot uzatish tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olingan.
Vazir javobiga ko‘ra, aholi yashash maskanlarining mobil aloqa tarmog‘i bilan qamrov darajasi 99,5 foizga yetkazilgan. Xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo‘llarini mobil internet bilan ta’minlash bo‘yicha ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2026-yil boshidan buyon 11 mingdan ortiq mobil aloqa tayanch stansiyasi o‘rnatilib, ularning umumiy soni 110,5 mingtaga yetkazilgan. Natijada ushbu avtomobil yo‘llarining 95,5 foizi mobil internet bilan qamrab olingan.
Optik tolali internet tarmoqlarini kengaytirish borasida ham sezilarli o‘sishga erishilgan. Jumladan, 2020-yilda optik tolali aloqa liniyalarining umumiy uzunligi 119,5 ming kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 397 ming kilometrga yetdi. Natijada mamlakatimizdagi aholi punktlarining 98,1 foizi optik tolali aloqa tarmog‘i bilan qamrab olindi. Yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 98,2 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Vazir javobida qayd etilganidek, O‘zbekiston mobil internet tezligi bo‘yicha xalqaro reytingda 133-o‘rindan 72-o‘ringa, simli internet tezligi bo‘yicha esa 112-o‘rindan 73-o‘ringa ko‘tarilgan. Shuningdek, mamlakat simli internet tezligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallagan.
Majlisda sohaga oid qator takliflar bildirilib, raqamli texnologiyalar vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA