Aholi kreditlari 240 trillion so‘mga yaqinlashdi: eng katta ulush ipoteka hissasiga to‘g‘ri kelmoqda
Aholining bank xizmatlariga, xususan, kredit mahsulotlariga bo‘lgan talabi yuqoriligicha qolmoqda. 2026-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, jismoniy shaxslarga ajratilgan bank kreditlari qoldig‘i qariyb 240 trillion so‘mni tashkil etdi.
<uzb> Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholining banklardan olgan kreditlari qoldig‘i 239 trillion 801 milliard so‘mni tashkil etgan. Bu yil boshidagi ko‘rsatkichga nisbatan 8,9 foizlik o‘sishni anglatadi. Aholi kreditlari tarkibida eng katta ulush ipoteka kreditlariga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, 2024-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari qoldig‘i 88 trillion 147 milliard so‘mni tashkil etgan.
Bu jami aholi kreditlarining 36,8 foizi demakdir. Boshqacha aytganda, jismoniy shaxslarga berilgan har 100 so‘mlik kreditning qariyb 37 so‘mi uy-joy xaridi yoki ipoteka majburiyatlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Aholi kreditlari tarkibida keyingi yirik yo‘nalishni mikroqarzlar tashkil etadi. Ularning qoldig‘i 51 trillion 141 milliard so‘mga yetgan.
Yil boshidan buyon mikroqarzlar hajmi 4,7 foizga, ya’ni 2 trillion 278 milliard so‘mga oshgan. Bu aholining nisbatan kichik miqdordagi, tezkor moliyaviy mablag‘larga bo‘lgan ehtiyoji yuqoriligini ko‘rsatadi. Aholi uchun taqdim etilayotgan kredit mahsulotlari orasida eng yuqori o‘sish kredit kartalari va overdraftlarda kuzatilgan.
Yil boshidan buyon ushbu turdagi kreditlar qoldig‘i 33,5 foizga, ya’ni 1 trillion 484 milliard so‘mga ko‘payib, 5 trillion 914 milliard so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich banklar aholi uchun kreditdan foydalanishning yanada moslashuvchan shakllarini taklif etayotganini ko‘rsatadi. Biroq, kredit kartalari va overdraftlar bo‘yicha qarzdorlikning tez o‘sishi aholi zimmasidagi kredit majburiyatlarini oqilona boshqarish masalasini ham dolzarb qiladi. Umuman, aholi kreditlari qoldig‘ining 240 trillion so‘mga yaqinlashishi banklar tomonidan jismoniy shaxslarni moliyalashtirish ko‘lami kengayib borayotganidan dalolat beradi. Kredit portfelida ipotekaning katta ulushi uy-joy moliyalashtirishining aholi kreditlaridagi muhim o‘rnini ko‘rsatsa, mikroqarzlar, kredit kartalari va overdraftlarning o‘sishi aholining qisqa va o‘rta muddatli moliyaviy ehtiyojlari ham yuqori ekanini anglatadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA </uzb>