Aholi daromadining yangi manbai
Sirdaryo viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bermoqda. Bugun viloyatda minglab xonadonlar va yuzlab tadbirkorlik sub’ektlari elektr energiyasini nafaqat iste’mol qilmoqda, balki uni ishlab chiqarib, umumiy elektr tarmog‘iga sotish orqali qo‘shimcha daromad ham olmoqda. Bu esa "yashil iqtisodiyot" tamoyillari aholi farovonligini ta’minlash, energetika tizimi samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni mustahkamlashda muhim omilga aylanayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi yillarda viloyatda quyosh energetikasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Natijada aholi xonadonlari, davlat muassasalari va tadbirkorlik sub’ektlarida quyosh panellari keng joriy etildi. Ayni paytda umumiy quvvati 78 ming 430 kilovatt bo‘lgan quyosh elektr qurilmalari faoliyat yuritmoqda. Shundan 12 ming 434 kilovatti aholi xonadonlari, 65 ming 996 kilovatti esa davlat muassasalari, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik sub’ektlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu raqamlar viloyatda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, elektr energiyasi iste’molchilari bosqichma-bosqich uni ishlab chiqaruvchiga aylanib, o‘z ehtiyojidan ortiq elektr energiyasini umumiy tarmoqqa yetkazib berish orqali qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Bu jarayonda “Quyoshli xonadon” dasturi muhim o‘rin tutmoqda. “Soliq” mobil ilovasi orqali kelib tushayotgan murojaatlar sonining ortishi aholining dasturga qiziqishi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Joriy yilning o‘zida 294 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.
Shu kunga qadar Sirdaryo viloyatidagi xonadonlar tomonidan umumiy elektr tarmog‘iga 5 million 903 ming 537 kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Buning uchun davlat byudjeti hisobidan 5 milliard 903 million 537 ming so‘m mablag‘ to‘landi. Bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari nafaqat ekologik ahamiyatga, balki aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotgan samarali iqtisodiy mexanizmga aylanganini ko‘rsatadi.
Quyosh energetikasining iqtisodiy samarasidan davlat muassasalari va tadbirkorlik sub’ektlari ham keng foydalanmoqda. Ayni paytda 1 404 nafar iste’molchi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan shartnoma asosida faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyalarining umumiy quvvati 40,6 megavattni tashkil etib, shu kunga qadar tarmoqqa 10,9 million kilovatt-soat elektr energiyasi uzatildi.
Sohadagi iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham jadal o‘sishni namoyon etmoqda. Agar 2024-yilda tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun qariyb 500 million so‘m to‘langan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 9 milliard 246 million so‘mdan oshdi. Ya’ni qisqa vaqt ichida to‘lovlar hajmi 18 barobardan ziyod ko‘paydi. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalariga investitsiyalar, ishlab chiqarish quvvatlari va sohaga qiziqish izchil oshib borayotganining yaqqol tasdig‘idir.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Sirdaryo bo‘linmasining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini hisobga olish bo‘limi boshlig‘i Rustam Anorqulovning ta’kidlashicha, quyosh panellari bugun nafaqat elektr energiyasini tejash, balki aholi va tadbirkorlar uchun barqaror daromad manbai sifatida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
— Ilgari aksariyat fuqarolar quyosh panellarini elektr xarajatlarini kamaytirish vositasi sifatida qabul qilar edi. Bugun esa ular ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad olish mumkinligini amalda ko‘rmoqda. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qiziqishni yanada oshirmoqda, — deydi mutaxassis.
Buning amaliy isbotini Boyovut tumanida yashovchi Akromjon Azizqulov misolida ko‘rish mumkin. U o‘rnatgan 50 kilovattli quyosh elektr stansiyasi bir oyda 6 105 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Shundan bir qismi xonadon ehtiyojlari uchun sarflanib, qariyb 2 million so‘mlik elektr energiyasi xarajatining oldi olindi. Qolgan 2 452 kilovatt-soat elektr energiyasi umumiy tarmoqqa uzatilib, 2 million 450 ming so‘m qo‘shimcha daromad keltirdi. Shu tariqa, quyosh elektr stansiyasi bir oyning o‘zida 4 million 415 ming so‘mlik iqtisodiy samara berdi.
Shunga o‘xshash natijalar tadbirkorlik sub’ektlarida ham kuzatilmoqda. Xususan, Yangiyer shahridagi “Umidjon-Savdo-2019” korxonasida o‘rnatilgan 30 kilovattli quyosh elektr stansiyasi ishlab chiqarish ehtiyojining katta qismini qoplash bilan birga, ortiqcha elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotish hisobiga har oy 4 million 208 ming so‘m qo‘shimcha daromad keltirmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga kiritilgan sarmoya nisbatan qisqa muddatda o‘zini oqlaydi. Bu orqali elektr energiyasi uchun xarajatlar qisqaradi, qo‘shimcha daromad shakllanadi, energetika tizimidagi yuklama kamayadi, tabiiy resurslar tejaladi va atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shiladi.
Bugun Sirdaryo viloyati tajribasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ekologik barqarorlikni ta’minlash bilan birga aholi daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va energetik xavfsizlikni mustahkamlashda muhim omilga aylanayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Tomlarga o‘rnatilayotgan har bir quyosh paneli endi faqat elektr energiyasi emas, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar, barqaror daromad va «yashil iqtisodiyot» sari tashlangan ishonchli qadamning ham ramziga aylanmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri