Adliya vazirligi tomonidan 2024 yilda 286 normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. 2 ming 93 loyiha huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 1 ming 731 tasi yoki 83 foiziga ijobiy xulosa berildi.
362 tasi yoki 17 foizi konseptual e’tirozlar bo‘lgani sababli qaytarildi. 23 mingdan ortiq hujjat qonunchilikka muvofiqlashtirildi. 14 mingdan ortiq noqonuniy hujjat (3 ming 32 hokim qarorlari) bekor qilindi.
Ekspertizadan o‘tkazilgan loyihalarning 222 tasi (11 foizi)da korrupsiyaviy omillar aniqlandi.
Bu Adliya vazirligining 2024 yil sarhisobi bo‘yicha matbuot anjumanida qayd etildi.

Tadbirda 21 mingdan ortiq davlat organi va tashkilotlarining 8,8 million yuridik tusdagi hujjatlariga huquqiy xulosalar taqdim etilgani aytib o‘tildi. Qonunchilikka nomuvofiq bo‘lgan 500 mingga yaqin hujjat salbiy xulosa bilan rad etildi.
Adliya vazirligining 208 funksiyasidan 106 tasi, ya’ni 51 foizi raqamlashtirishga erishildi. Natijada qog‘oz sarfi kamayib, 9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ iqtisod qilindi.
Vazirlik tashabbusi bilan sun’iy intellekt yordamida huquqiy masalalarga javob topishga ko‘maklashadigan yagona platforma “Lex AI” ishga tushirildi.
Vazirlik tashabbusi bilan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

“Hammasi bir joyda” tamoyilini hayotga tatbiq etish bo‘yicha ishlar davom ettirilib, davlat xizmatlari markazlarida ko‘rsatiladiganxizmatlar soni 408 taga yetkazildi.
Tug‘ilish haqidagi guvohnoma olish uchun my.gov.uz orqali ariza berish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi.
2024 yil davomida 21 ming 573 intellektual mulk ob’ekti ro‘yxatga olindi. Xususan, Chust pichog‘i, Jizzax somsasi, Xorazm qovuni, Samarqand noni va Olot somsasi geografik ko‘rsatkichlari amaliy yordam berish orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi.
O‘zbekiston intellektual mulk sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida 24 yildan so‘ng AQSH Savdo vakilligining “301-maxsus hisoboti”da investitsion jozibadorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan “Kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxati (qora ro‘yxat)dan chiqarildi.
O‘tgan yil intellektual mulk huquqlari buzilgani bo‘yicha 552 taqdimnoma, 162 ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma va 9 moliyaviy jarima rasmiylashtirilib, 2,6 ming quti kontrafakt mahsulotlar yo‘q qilindi.
Avto oldi-sotdi va hadya shartnomasi, garov, avto ishonchnoma, er-xotinning rozilik arizasi, voyaga yetmaganni chet elga olib chiqishga rozilik arizasi, imzoni shahodatlash, boshqa turdagi ishonchnoma, ko‘chmas mulkka ishonchnoma, meros ulushidan voz kechish arizasi onlayn rasmiylashtirilmoqda.
Birgina 2024 yilda 1 ming 99 nafar shaxsga advokatlik litsenziyasi berilib, advokatlar soni 6 ming 175 nafarga yetdi.
“Mahalla huquqshunosi” loyihasi doirasida qariyb 9 ming mahalla raislari qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitildi.
N.Abduraimova, O‘zA