Adliya idoralari: bu dargohdan hech kim xafa bo‘lib ketmasligi kerak
Jamiyatimizda aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, qonun ijodkorligi hamda qonunchilik targ‘iboti, huquqiy hujjatlarning joylardagi ijrosi monitoringini yuritishga mas’ul bo‘lgan adliya idoralari faoliyatida fuqarolarning murojaatlariga e’tibor qaratish alohida ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlari tomonidan aholi va sub’ektlardan kelib tushgan murojaatlar O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z vaqtida, har tomonlama va sifatli ko‘rib chiqilishi ta’minlanmoqda. Xususan, 2026-yilning o‘tgan to‘qqiz oyi yakunlari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, viloyatdagi adliya idoralariga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 3 ming 924 murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 1 ming 553 tasi boshqarmaning markaziy apparati devonxonasida qayd etildi.
– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili adliya organlari faoliyatida asosiy ish mezoniga aylangan, – deydi Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov. – Shu boisdan ham har bir murojaat ortida inson taqdiri borligini teran his etamiz. Shu boisdan ham murojaatlarning 3 ming 107 tasi hal etilib, shundan 2057 tasi yoki 66,2 foizi qanoatlantirilgan va 1045 murojaatga huquqiy tushuntirish berilgan.

Qayd etish darkor, viloyat adliya boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlariga kelib tushgan va ijobiy hal etilgan murojaatlarning 48 foizi huquqni qo‘llash amaliyoti, 49 foizi inson huquqlarini himoya qilish, 29 foizi notariat va advokatura, 64 foizi yuridik xizmatlar faoliyati, 54 foizi nodavlat-notijorat tashkilotlar faoliyati, 51 foizi davlat xizmatlarini ko‘rsatishga oid masalalarni tashkil etdi.
Xususan, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash, qonunchilikda belgilangan to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishiga ko‘maklashish maqsadida Namangan tumani adliya bo‘limi tomonidan Namangan tuman ixtisoslashtirilgan maktabi rus tili fani o‘qituvchisi N. R. ning murojaati o‘rganib chiqildi. Muallima respublika fan olimpiadasi g‘olibi bo‘lgani, biroq qonunchilikda belgilangan ustama haqi to‘lanmayotganini ma’lum qilib, to‘lanmagan mablag‘larni hisoblab, undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.

O‘rganish davomida o‘qituvchi o‘quvchilik davrida (1984-1985 o‘quv yilida) rus tili fanidan respublika fan olimpiadasida diplom bilan taqdirlangani aniqlandi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblariga, agar ular ta’lim muassasasida aynan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan fanidan dars berayotgan bo‘lsa, lavozim maoshiga har oy 100 foiz miqdorida ustama to‘lanishi belgilangan. Biroq mazkur qonunchilik talabi uzoq vaqt davomida amalda ta’minlanmagan. Namangan tuman ixtisoslashtirilgan maktabining 2026-yil 14-avgustdagi ma’lumotiga ko‘ra, o‘qituvchiga jami 164 million 19 ming 115 so‘m miqdoridagi ustama pullari to‘lanmagan.
Tuman adliya bo‘limi tomonidan mazkur holat qonunchilik talablari asosida o‘rganilib, tegishli tartibda ustama pullarini hisoblash va to‘lash yuzasidan amaliy choralar ko‘rildi. Natijada, fuqaroning yillar davomida to‘lanmay kelgan 164 million so‘mdan ortiq ustama mablag‘larini undirishga erishildi.
Davlatobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro I. B. Tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, Namangan viloyati “Toza hudud” davlat unitar korxonasida mehnat faoliyatini olib borgan davri uchun to‘lanmay qolgan ish haqlarini undirishda amaliy yordam so‘radi.
Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida ishchining shartnomasi 2026-yil 23-yanvarda bekor qilingan bo‘lsada, unga tegishli ish haqi to‘lovlari to‘liq amalga oshirilmagani aniqlandi. Hisob-kitoblarga qaraganda, fuqaro oldida 51 million 526 ming 821 so‘m ish haqi bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lgan.

Fuqaroning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash maqsadida adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sudning 2026-yil 29-sentabrdagi qarori bilan da’vo talablari qanoatlantirilib, fuqaro foydasiga to‘lanmay qolgan ish haqi hamda ish haqini to‘lashni kechiktirganlik uchun pullik kompensatsiya undirilishi belgilandi. Natijada fuqaro foydasiga jami 228 million 985 ming 193 so‘m mablag‘ undiriladigan bo‘ldi.
Yangiqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limiga yo‘llangan murojaatlardan birida tumandagi 4-sonli umumta’lim maktabida xodimlar Sh. V va M. E. ga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. O‘rganish natijasida ushbu xodimlarga nisbatan asossiz ravishda intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi aniqlandi. Ya’ni, xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi yuzasidan qonunchilik talablari buzilgan.
Mazkur holat yuzasidan adliya mutaxassislari tomonidan maktab ma’muriyatiga taqdimnoma kiritilib, unda qonunbuzilishni bartaraf etish, xodimlarning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash hamda ularga nisbatan qo‘llanilgan asossiz intizomiy jazo choralarini bekor qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish so‘raldi. Natijada taqdimnoma asosida har ikki maorif xodimiga qo‘llanilgan asossiz intizomiy jazo choralari bekor qilinishiga erishildi. Shu tariqa murojaat amaliy natija bilan yakunlanib, xodimlarning mehnat sohasidagi huquqlari tiklandi.
Fuqaro Sh. N.ning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bilan bog‘liq murojaati adliya boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, uning buzilgan mehnat huquqlarini tiklash yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
O‘rganishlar natijasida “Namangan suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan fuqaro Sh. N. ga hisoblangan, biroq to‘lanmagan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur qarzdorlikni undirish va fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Namangan viloyati adliya boshqarmasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga murojaat qilindi. 2026-yil 20-fevralda sudya tomonidan chiqarilgan sud buyrug‘iga asosan, suv ta’minoti korxonasidan fuqaro ishchi foydasiga 33 million 368 ming 154 so‘m miqdoridagi hisoblangan, biroq to‘lanmagan ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish belgilandi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik, xolislik va belgilangan muddatlarga rioya etish, masalalarni joyiga chiqqan holda o‘rganish hamda fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois murojaatlar ko‘p kelib tushayotgan yo‘nalish va hududlar muntazam tahlil qilinib, muammolarning sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Sayyor qabullar davomida masalalarni joyida hal qilish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Namangan viloyati adliya boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan fuqarolar murojaatlarini sifatli ko‘rib chiqish, qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettiriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri