Adliya vazirligida matbuot anjumani o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Adliya vaziri E.Tursunovning ta’kidlaganidek, asosiy vazifalardan biri yagona davlat huquqiy siyosatini yuritish, norma ijodkorligi ishlarini muvofiqlashtirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyotini izchil va bir xilda ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.
Xususan, jismoniy va yuridik shaxslardan vazirlik, shahar va tuman adliya bo‘limlariga jami 3 ming 787 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 2 ming 469 ta murojaat qanoatlantirilib, murojaatchilar huquqi tiklandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali jami 396 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 229 tasi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, vazirlik rahbarlari va mas’ul xodimlari tomonidan shaxsiy hamda hududlarga chiqqan holda sayyor qabullar tasdiqlangan rejaga asosan tashkil etilmoqda. Jumladan, o‘tkazilgan qabullar natijasida jismoniy va yuridik shaxslardan 1 ming 641 ta murojaat qabul qilinib, 1 ming 249 tasi ijobiy hal etildi. Sudlarga 647 ta da’vo ariza kiritilib, fuqarolarning huquqlari tiklanishiga erishildi. Vazirlikka kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda ularning aksariyati mehnat, uy-joy, ijtimoiy himoya, davlat xizmatlari ko‘rsatish va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish sohalari bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, "ijro.gov.uz" tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda hududlardagi davlat organlari va tashkilotlariga kelib tushgan topshiriqlar ijrosi har oyda tahlildan o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga kiritilmoqda. Buning natijasida, 9 oy davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 15 ming 329 ta holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Ushbu qonunbuzarlik holatlarini bartaraf etish bo‘yicha 743 ta tavsiya, 96 ta eslatma kiritildi. Shuning natijasida fuqarolar va yuridik shaxslarning manfaatini ko‘zlab 1 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘i to‘lab berildi.
577 ta davlat organi va tashkilotida o‘rganishlar o‘tkazildi. Ta’sir choralari natijasida davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor hamda mas’ul xodimlaridan 450 nafar shaxs ma’muriy, 112 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari ijrosini nazorat qilish sohasida 2026-yil 9 oyi davomida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 258 ta holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha 6 ta tavsiya, 54 ta ogohlantirish kiritildi. Davlat organlari va tashkilotlarida 412 ta monitoring o‘tkazildi. Mansabdor va mas’ul xodimlardan 3 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.
Huquqiy xizmat ko‘rsatish sohasida hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 67 ta xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius, 237 ta advokatlik tuzilmasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Joriy yil davomida 32 nafar advokat o‘z faoliyatini boshladi.
Shahar va tuman adliya bo‘limlari tarkibida 17 ta yuridik xizmat markazi tashkil etildi. Joriy yilning 9 oyi davomida yuridik xizmat ko‘rsatish markazlariga huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun 530 ming 897 ta hujjat loyihasi kelib tushdi. Shundan 522 ming 191 ta hujjatga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi bo‘yicha ijobiy xulosalar berilgan bo‘lsa, 1 ming 105 ta hujjatga qonunchilik hujjatlariga muvofiq emasligi uchun salbiy xulosa berildi hamda 7 ming 610 ta hujjatda xato-kamchiliklar mavjudligi sababli qonunchilikda belgilangan tartibda qaytarildi.
Bugungi kunda 630 ta nodavlat notijorat tashkiloti, shuningdek, 67 ta diniy tashkilot hamda 16 ta hakamlik sudi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Nodavlat notijorat va diniy tashkilotlar bilan bog‘liq barcha davlat xizmatlarini ko‘rsatish e-ngo.uz sayti orqali to‘liq amalga oshirilmoqda.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan hisobot davrida 5 ming 11 ta qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘yilgan. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlat organlari faoliyatida 22 ta monitoring va o‘rganishlar o‘tkazildi. Aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish va oldini olish maqsadida 26 ta taqdimnoma kiritildi. 253 nafar mansabdor shaxs va mas’ul xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Respublikada 17 ta davlat xizmatlari markazi hamda ularning olis hududlarda joylashgan 8 ta filiali tomonidan aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Mazkur markazlar barcha tuman va Nukus shahrida yangidan qurilgan zamonaviy hamda barcha qulay sharoitga ega bino bilan ta’minlandi.
Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 780 mingdan ortiq davlat xizmati, shuningdek 1 million 329 mingdan ortiq xizmat onlayn tartibda ko‘rsatildi. 12 ming 759 ta tadbirkorlik sub’ekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. FHDYO organlari tomonidan 43 ming 556 ta dalolatnoma yozuvi qayd etildi.
Har bir qilingan ish ortida inson va jamiyat manfaati turganini chuqur anglagan holda soha xodimlari tomonidan jamiyatda qonuniylikni yanada mustahkamlash, inson huquqlari samarali himoya qilinishini ta’minlashning barcha choralari ko‘riladi.
Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
[gallery-32269]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA