Moziyga qaytib...

Yozuvchini hech qachon hech kim ko‘tarmaydi. Yaxshi yozuvchini yaxshi asarlar ko‘taradi, yaxshi yozuvchi ko‘tarilib ketganini hatto o‘zi ham bilmay qoladi.

Abdulla Qahhor

Yuqoridagi misralar sohibi Abdulla Qahhor xuddi o‘zi yozganidek, o‘zbek adabiyotiga betakror asarlari bilan baralla kirib keldi. Hikoya janrining tengsiz ustasi sifatida tanildi, qalblar to‘ridan joy oldi. 

Atoqli adib, yozuvchi, dramaturg, betakror so‘z ustasi Abdulla Qahhorning kitoblari kirib bormagan o‘zbek xonadoni bo‘lmasa kerak. Biz barchamiz yoshlikdan adib asarlarini sevib mutolaa qilganmiz. “O‘tmishdan ertaklar”, “Bemor”, “O‘g‘ri”, “Sinchalak” kabi qissa va hikoyalari bilan birga ulg‘ayganmiz, tasavvur va dunyoqarashimiz shakllangan.   

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor 1907 yil 17 sentyabrda Qo‘qon shahrida temirchi oilasida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo Davlat universitetining pedagogika fakultetini tamomlagan. Uning ilk “Oy kuyganda” hajviy she’ri Norin shilpiq taxallusi ostida “Mushtum” jurnalida bosilgan. Yozuvchi “Boshsiz odam” hikoyasini e’lon qilgach, umrining oxirigacha nasrda samarali ijod etdi. Dastlabki hikoyalar to‘plami – “Olam yasharadi” nomi bilan chop etilgan. Shundan so‘ng,  uning “Hikoyalar” to‘plamlari ketma-ket nashr etilgan. Bu davrda u “Sarob” romanini ham yozgan. “Qo‘shchinor chiroqlari” romani, “Sinchalak”, “O‘tmishdan ertaklar”, “Muhabbat” qissalari o‘zbek nasri taraqqiyotida muhim o‘rin egallagan. Abdulla Qahhor o‘zining “Shoxi so‘zana”, “Og‘riq tishlar”, “Tobutdan tovush”, “Ayajonlarim” sahna asarlari bilan dramaturg sifatida yaxshi tanilgan. Shuningdek, u Aleksandr Pushkin, Lev Tolstoy, Nikolay Gogol, Anton Chexov asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan. 

Anglaganingizdek, bugungi “Moziyga qaytib...” loyihamizning navbatdagi soni Abdulla Qahhor uy-muzeyidan tayyorlandi.

Uy-muzey Abdulla Qahhor tavalludining 80 yillik yubileyi arafasida, ya’ni, 1987 yil 6 may kuni adibning turmush o‘rtog‘i Kibriyo Qahhorova tashabbusi bilan tashkil etilgan. Poytaxtimizning Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy ko‘chasida joylashgan uy-muzey xona, ayvon va asosiy kirish yo‘lagidan iborat bo‘lib, unda yozuvchining shaxsiy buyumlari, hujjatlar, orden, medallari, qo‘lyozma va kitoblari, fotosurat hamda san’at asarlari saqlanadi. Muzey xonalari adib hayoti va ijodini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar bilan bezatilgan.

Mehmonxona va kutubxona memorial xonalar hisoblanib, ularning barchasi adib hayot chog‘ida qanday bo‘lsa, hozirgi kunga qadar ham shunday saqlanib qolgan. Mehmonxonadagi adib foydalangan televizor, radio, magnitofon va turli mebellar tashrif buyurgan ziyoratchilarda o‘zgacha taassurot va qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Mazkur jihozlar bevosita XX asrning 60-yillari muhitini tasavvurimizda gavdalantiradi.

Adib kutubxonasida besh yuzdan ortiq jurnal va to‘rt mingga yaqin kitob saqlanmoqda. Javonlarda joy olgan o‘zbek va fors-tojik mumtoz adabiyoti namunalarining noyob nusxalari, XIX asrning ikkinchi choragida Moskva va Sankt-Peterburgda chop etilgan qadimiy kitoblar nodir xazina sifatida g‘oyat qadrli. 

Maskanga tashrif buyuruvchilar Abdulla Qahhorning ilk kitoblaridan tortib, to bugungi kungacha turli yillarda chop etilgan kitoblarining nashrlari, qardosh xalqlar va xorijiy tillarda bitilgan asarlari, adib hayoti va ijodi haqidagi ilmiy-tanqidiy ishlar, xotiralar bilan tanishishi mumkin. 

Uy-muzeyning adib ijodiga bag‘ishlangan zalida “Sarob”, “Qo‘shchinor chiroqlari”, “Sinchalak”, “O‘tmishdan ertaklar” singari roman, qissa va hikoyalari nashrlarini uchratasiz. E’tiborlisi, bu asarlar rus, arab, fors, tojik, qozoq, vetnam, ispan, ingliz, arman, ozarbayjon, eston, nemis, fransuz, grek, rumin, bolgar, latish, bengal, koreys kabi tillarda nashr etilgan.

Muzeyda saqlanayotgan barcha eksponatlar yozuvchining bolalik va yoshlik yillari, ibratli hayot yo‘li va ijodi haqida hikoya qiladi. 

Abdulla Qahhor qoldirgan bebaho adabiy meros zamonlar o‘tsa hamki o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishda o‘rni va ta’siri beqiyos. Adib uy-muzeyi esa ushbu ulkan xazina bilan yuzlashish, ijod ummonidan bahramand bo‘lish imkonini beradi. 

“Moziyga qaytib...” loyihasining avvalgi sonlarida uzatilgan fotoreportajlarni qo‘yidagi  havola (https://uza.uz/uz/posts/ozada-yangi-loyiha-moziyga-qaytib_584824) (https://uza.uz/uz/posts/yunus-razhabiy-uy-muzeyidan-fotoreportazh_591857) orqali ko‘rishingiz mumkin.

Kamola Yusupova,

Davron Ernazarov (surat), O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdulla Qahhor uy-muzeyidan fotoreportaj