Abdulla Avloniy jamiyatdagi ijtimoiy illatlarga qarshi qanday kurashgan?
XX asr ibtidosida Turkiston zaminida sahna shunchaki bir ko‘ngilochar vosita emas, balki jamiyatning ilg‘or ziyolilari qo‘lidagi jaholatga qarshi kurashning o‘tkir quroli va milliy o‘zlikni anglatishning qudratli minbariga aylandi.
Uyg‘onish va ma’rifat zarurati
Yigirmanchi asr boshlari Turkiston o‘lkasi uchun tarixiy burilishlar va ijtimoiy ziddiyatlar davri edi. Bir tomondan mustamlaka tuzumining o‘rnatgan tartiblari, ikkinchi tomondan asrlar davomida ildiz otgan ijtimoiy illatlar, bid’at va xurofot xalqning taraqqiyot yo‘liga jiddiy to‘siq bo‘layotgan edi. Bunday murakkab sharoitda Abdulla Avloniy kabi ma’rifatparvar ziyolilar maydonga chiqdi. Ular millatning najot yo‘lini faqat va faqat ilm-ma’rifatda, xalqning ongini yuksaltirishda deb bildilar. Avloniy o‘zining butun ijodiy va ijtimoiy faoliyatini ana shu buyuk maqsadga bag‘ishladi. U shoir, nosir, jurnalist, pedagog sifatida qalam tebratibgina qolmay, o‘z g‘oyalarini xalq ommasiga eng tez va ta’sirchan usulda yetkazish vositasini izladi va uni teatrda topdi. Uning uchun teatr quruq tomosha emas, balki millatning dardiga darmon bo‘luvchi, uning ko‘zini ochuvchi “tabib” vazifasini o‘tashi lozim edi.
Avloniyning tashabbusi bilan 1913-yilda tashkil etilgan “Turon” nomli o‘zbek teatr truppasi ana shu buyuk maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu jamoa oddiy havaskorlar guruhi emas, balki aniq g‘oya va puxta tuzilgan harakat rejasiga ega bo‘lgan, Turkistonning birinchi professional teatr jamoasi edi. 1914-yilning 27-fevralida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi bilan o‘z faoliyatini boshlagan teatr, ilk kunlardanoq jamiyatning eng o‘tkir va og‘riqli muammolarini sahnaga olib chiqishga jazm etdi. Avloniy truppada nafaqat tashabbuskor va rahbar, balki dramaturg, rejissyor, tarjimon va hatto aktyor sifatida faoliyat yuritdi. U Behbudiyning “Padarkush”idagi Boy, Hamzaning “Baxtsiz kuyov”idagi Fayziboy kabi rollarni mahorat bilan ijro etib, sahna orqali jaholat va nodonlikning ayanchli oqibatlarini xalqqa ko‘rsatib berdi.
“Advokatlik osonmi?” – jamiyatga qo‘yilgan og‘ir tashxis
Avloniyning dramaturg sifatidagi mahorati uning 1916-yilda yaratilgan “Advokatlik osonmi?” komediyasida ayniqsa yorqin namoyon bo‘ladi. Bu asar kulgili voqealar, sodda qahramonlarning o‘zaro suhbatlari orqali o‘sha davr Turkiston jamiyatining butun bir fojiasini ochib tashlaydi. Asar markazida Rossiyada o‘qib, advokatlik kasbi bilan o‘z yurtiga qaytgan Davronbek va uning huzuriga o‘z dardi bilan kelgan arzchilar turadi. Bu uchrashuvlar aslida eskilik va yangilik, jaholat va ma’rifat o‘rtasidagi to‘qnashuvning badiiy ifodasidir.
Arzchilardan biri Mehrinisoning hikoyasi o‘sha davr ayollarining taqdiri, huquqsizligi va ijtimoiy himoyasizligi haqida so‘zlaydi. Uni ota-onasining irodasiga qarshi, “yolg‘on-yashiq” maqtovlar bilan bir qimorbozga majburlab uzatishgan. O‘n besh yildan buyon erining zulmi ostida yashab, “ichgani zahar, ko‘rgani jahannam” bo‘lgan bu ayolning dardini eshitadigan, unga yordam qo‘lini cho‘zadigan biror kishi yo‘q. U adolat izlab qoziga murojaat qilganida ham, eri “ma’ruz, rivoyatmi, allanima balolar qilib” yana uni o‘z uyiga qaytarib olib keladi. Mahallaning “ijoraxo‘r imomi” va “poraxo‘r ellikboshisi” esa adolat tomonda emas, balki zolim er tomonida turadi. Bu tasvirlar orqali Avloniy o‘sha davr mahalliy boshqaruvi va adolat tizimidagi haqsizlikni, poraxo‘rlik va tanish-bilishchilikni fosh etadi.
Asardagi olti arzchidan yana biri – aravakash Egamberdining voqeasi esa jamiyatdagi boshqa bir illat – manmanlik, isrofgarchilik va soxta obro‘ ortidan quvishning achchiq mevasi. U “barakallachi”larning, ya’ni soxta xushomadgo‘ylarning gapiga kirib, o‘zining holiga qaramasdan katta to‘y qiladi va oqibatda qarzga botib, bor-budidan, hatto boshpanasidan ham ayrilish arafasida turadi. “Ena – o‘ltirishingga qarab chena”, “ko‘rpangga qarab oyoq uzat” kabi xalq maqollarini bilishiga qaramay, u olomonning ijtimoiy bosimiga, “el nima deydi” degan andishaga yengiladi. Egamberdining fojiasi – bu ilmsizlik va tafakkursizlik oqibatida kelib chiqqan shaxsiy inqirozdir. Uning “miyasini yegan ahmoq bo‘lmasam, “barakallachi”larning so‘ziga kirib, shu holga tusharmidim” degan pushaymoni butun bir jamiyatning o‘zini-o‘zi taftish qilishiga undaydigan chaqiriqdir.
Davronbekning monologlari esa asarning mafkuraviy o‘zagini tashkil etadi. Uning “Bizda uy tarbiyasi boshlanub, xotin-qizlarimiz ilmu maorif ila nurlanmag‘uncha bizning oramizda shunday ko‘ngilsiz hollar davom etsa kerak” yoki “Bunday bid’at va isroflarning yo‘q bo‘lmog‘i xalqimizning maorif va madaniyat ila taraqqiy qilmog‘iga bog‘liqdir” degan so‘zlari butun jadidchilik harakatining dasturilamali edi. Avloniy Davronbek timsolida jamiyatni faqatgina ilm, ma’rifat va zamonaviy qonunlargina isloh qila olishi mumkinligini qat’iy ta’kidlaydi.
Millat yuksalishi yo‘lida
Agar “Advokatlik osonmi?” asari jamiyatga qo‘yilgan tashxis bo‘lsa, 1916-yilda qabul qilingan “Turon” jamiyatining “Nizomi” o‘sha kasalliklarni davolashning rejasi edi. 73 banddan iborat bu hujjat shunchaki bir teatrning ichki tartib-qoidalari emas, balki butun bir millatni ma’naviy yuksaltirishga qaratilgan dastur edi. Tadqiqotchi olimlar Toshpo‘lat Tursunov va Shuhrat Rizayev ta’kidlaganidek, bu “Nizom” o‘zining puxtaligi va jiddiyligi bilan hatto hozirgi zamon professional teatrlarining hujjatlaridan ham ustun turadi.
San’atshunos olim Sotimboy Tursunboyevning ma’lumot berishicha, “Nizom”ning birinchi bandidayoq jamiyatning maqsadlari aniq belgilab qo‘yilgan: “aholi o‘rtasida sahna ishlari va xayriyaga jiddiy munosabatni rivojlantirish”, “xalq uchun spektakl ko‘rsatish, unga sog‘lom tomosha berish” va eng muhimi, “Turkiston o‘lkasi hududida yashovchi muhtoj ahli muslimning moddiy va ma’naviy ahvolini yaxshilash uchun moddiy yordam berish”. “Nizom”ga ko‘ra, bu maqsadlarni amalga oshirish uchun jamiyatga nafaqat tomoshalar uyushtirish, balki o‘z nomidan klublar, musiqa kurslari, kutubxonalar, qiroatxonalar va hatto boshlang‘ich maktablar ochish huquqi berilgan.
“Nizom”ning eng ahamiyatli jihatlaridan biri – bu uning xayriya va ma’rifatparvarlik yo‘nalishi. Hujjatda tomoshalardan tushgan sof foydaning muayyan qismini muhtojlarga, ayniqsa, o‘quvchilarga yordam puli sifatida berish, iqtidorli yoshlarning o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishi uchun stipendiyalar ajratish kabi vazifalar belgilangan. Bu bandlar “Turon” teatrining o‘z oldiga faqat madaniy emas, balki ulkan ijtimoiy vazifalarni ham qo‘yganidan dalolat beradi. Avloniy va uning safdoshlari teatrni millatning g‘aznasiga aylantirishni, u orqali kelajak avlodni o‘qitib, tarbiyalashni ko‘zlagan edilar. Bu, o‘z mohiyatiga ko‘ra, xalqning o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan, ma’rifat orqali yuksaltiradigan noyob bir tizim edi.
San’atning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni
Abdulla Avloniy tomonidan yaratilgan teatr va uning faoliyatini belgilab bergan “Nizom” XX asr boshidagi milliy uyg‘onish davrining muhim hodisalaridan biri. Bu tashabbus teatr shunchaki san’atning bir turi emasligini, u to‘g‘ri yo‘naltirilsa, millatning taqdirini o‘zgartira oladigan qudratli ijtimoiy kuchga aylanishi mumkinligini ko‘rsatdi. Avloniy va uning safdoshlari sahnada jamiyatning og‘riqlarini ko‘rsatish bilan cheklanib qolmadilar, balki o‘sha og‘riqlarni davolashning aniq yo‘llarini ham taklif etdi. Ular yaratgan tizim – ta’lim va ma’rifatni targ‘ib qiluvchi, xayriya ishlarini yo‘lga qo‘yuvchi va pirovardida, yangi, ilg‘or fikrli avlodni tarbiyalashni maqsad qilgan harakat edi. Bu tarixiy tajriba o‘zbek davlatchiligi va madaniyati tarixida san’atning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni naqadar beqiyos ekanini ko‘rsatuvchi saboq bo‘lib xizmat qiladi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA