Kitobxon sardorlar anjumani yoshlarni birlashtirdi
Sirdaryo viloyatida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish hamda ularning intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri sifatida Milliy kitobxonlik harakati, "Yoshlar oyligi" va "Dolzarb 90 kunlik" tadbirlari doirasida Guliston davlat universitetida ilk bor "GulDU + Sirdaryolik kitobxon sardorlar anjumani" tashkil etildi.
Viloyatning shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan kitobxon sardorlar ishtirok etgan anjuman yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish, ularni zamonaviy axborot makonida faol va tashabbuskor bo‘lishga undash, kitobxonlik harakatining ta’sir doirasini kengaytirishga xizmat qildi.
Tadbirning ochilishida Guliston davlat universiteti prorektori Abdushohid Pazilov mamlakat taraqqiyoti bilimli, keng dunyoqarashli va chet tillarini puxta egallagan yoshlar bilan chambarchas bog‘liq ekanini ta’kidlab, kitob mutolaasi bilan bir qatorda xorijiy tillarni o‘rganish bugungi kunning muhim talablaridan biri ekanini qayd etdi.

Anjuman doirasida "Universitet ovozi" gazetasi muxbiri Nargiza No‘monova ishtirokchilar uchun amaliy seminar tashkil qildi. Unda yoshlarga axborot tayyorlash, jurnalistik material yozish, kontent rejalashtirish, ijtimoiy tarmoqlar uchun sifatli materiallar tayyorlash va auditoriya bilan samarali muloqot qilish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Anjuman dasturidan o‘rin olgan "Zukko kitobxon" intellektual bellashuvi va interaktiv o‘yinlar ishtirokchilarning mantiqiy fikrlashi, jamoada ishlash hamda tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Bellashuvlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirib, ularning kitob mutolaasi orqali orttirgan bilim va salohiyatini
namoyon etish uchun munosib maydon bo‘ldi.

Yoshlarni turli zararli illatlardan asrashga qaratilgan ma’rifiy ishlar ham anjumanning muhim qismi bo‘ldi. Xususan, 26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan "Drug-diler" ( giyohvand yoki psixotrop moddalarni sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxs) mavzusida profilaktik chiqish namoyish qilinib, giyohvandlikning ayanchli oqibatlari, uning inson taqdiri va jamiyat hayotiga salbiy ta’siri haqida fikr almashildi.

Shuningdek, universitet prorektorlari Fazliddin Sharipov va Qozim Qudratov ishtirokida o‘tkazilgan "Rahbar va yoshlar" muloqoti yoshlarni qiziqtirgan qator masalalar yuzasidan ochiq fikr almashish maydoniga aylandi. Uchrashuvda talabalar va kitobxon sardorlar ta’lim sifati, kitobxonlik harakatini rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning takliflarini amaliyotga tatbiq etish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Anjuman yakunida intellektual bellashuvlar va turli yo‘nalishlarda faol ishtirok etgan yoshlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Mazkur anjuman kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlarning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda mustaqil fikrlash, tahlil qilish va liderlik fazilatlarini shakllantirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri