Joriy yilning yarmi ortda qoldi. Bu vaqt ichida har bir tashkilot, muassasa belgilangan rejasini qay darajada bajargani, erishgan yutuqlari va kamchiliklarini sarhisob qiladi.
Xalq ta’limi vazirligi A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutining ham o‘tgan vaqt ichida amalga oshirilgan loyihalari, natijalari tahlil qilindi, rejalar belgilandi.
Xalq ta’limi vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining joriy yil 26 maydagi qo‘shma qarori bilan “A.Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutining 2021-2030 yillarda rivojlanish Konsepsiyasi” tasdiqlandi. Bundan 7 ta yo‘nalish asosida 25 ta ustuvor ilmiy-tadqiqot yo‘nalishi belgilab olindi.
Shuningdek, vazirliklar, tashkilotlar bilan ko‘plab hamkorlik loyihalari ishlab chiqildi. Barcha umumiy o‘rta ta’lim fan o‘qituvchilarining 23 ta yo‘nalishda malaka oshirish kurslari malaka talablari, o‘quv reja va dasturlari ishlab chiqildi.
Har bir sohada xalqaro hamkorlikning ahamiyati katta. Mazkur institut Janubiy Koreya Respublikasining Koreya ta’limini rivojlantirish instituti (KEDI), Janubiy Koreya o‘quv dasturlari va baholash instituti (KICE), Rossiya ta’lim akademiyasi va akademiyaning ta’limni rivojlantirish strategiyalari instituti hamda Ta’limni rivojlantirish markazi bilan memorandumlar imzolandi.
Malayziyaning Aminuddin Baki nomidagi Ta’limning rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bilan maktab direktorlarining kasbiy kompetensiya modelini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Pittsburg davlat universiteti (AQSH) bilan hamkorlik doirasida universitetining Ta’lim hamda Texnologiya kolleji dotsenti Judi Smetana bilan institut rahbar va ilmiy xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursi tayyorlanmoqda.
Muhim yangiliklardan biri O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda 1991-2020 yillar bo‘yicha xalq ta’limi tizimi statistika ma’lumotlari bazasi shakllantirildi.
Institutda amalga oshirilayotgan ilmiy va amaliy loyihalar amaliyotga keng tatbiq etilmoqda. UNICEF xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda “Umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘qituvchisining kasbiy standartini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha metodik qo‘llanma yaratish va trener-testologlarni tayyorlash” loyihasi amalga oshirilmoqda.
“UPGRADE” loyihasi doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktab direktorlari, fan metodistlari va sinf rahbarlari kompetensiyalari bo‘yicha variativ o‘quv dasturlari asosida maktab direktorlari, metodistlar va sinf rahbarlari malakasini oshirish kurslari kontenti yaratilmoqda.
AQSHning Shimoliy Jorjiya instituti bilam hamkorlikda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi rahbarlarining liderlik kompetensiyalarini va maktablarda STEAM fanlarni joriy etishda rahbarning hissasini oshirishga qaratilgan “Maktablarda liderlik va STEAM” loyihasi o‘z ichiga 12 haftalik malaka oshirish kurslarini ishlab chiqish va olib borish, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilib videodarslar shaklida Institutning “Uzlyuksiz kasbiy ta’lim” LMS platformasiga joylashtirilmoqda.
“STesting” loyihasi bo‘yicha xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS) doirasidagi topshiriqlarni o‘zida mujassam etgan trenajyor test platformasini ishlab chiqish ishlari, mazkur platforma kontentini tayyorlash, malaka oshirish media kurslarini videodars, o‘quvchilarni xalqaro tadqiqotlarga tayyorlash uchun videorolik yaratilmoqda.
“Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ona tili (o‘zbek tili) fani bo‘yicha malakasini baholash hamda 14 ta fandan test tizimini ishlab chiqish loyihasi” bo‘yicha umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ona tili (o‘zbek tili) fani bo‘yicha malakasini baholash hamda 14 ta fandan test tizimini ishlab chiqish doirasida ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan vaqt davomida Rossiya bilan “Zo‘r!” (“Klass!”) loyihasi doirasida 2021 yil yanvar oyidan 30 nafar mutaxassis va 70 nafar o‘qituvchi 14 ta malaka oshirish markazi va 70 ta maktabda faoliyat olib bordi. Tayanch maktablar negizida rus tili o‘qituvchilarining metodik kunlarida haftaning har seshanba kuni maktab o‘qituvchilarining malakasi oshirildi.
9987 nafardan ortiq o‘qituvchi rus tilini chet tili sifatida bilish va o‘qitish mahorati bo‘yicha maxsus metodika sinovidan o‘tkazildi sertifikatga ega bo‘ldi.
9-11-sinflarning 2260 nafardan ortiq o‘quvchisiga sertifikatlar taqdim etildi. Yuqori – C1 natija ko‘rsatgan o‘qituvchilarga rus tilini bilish xalqaro sertifikati berildi.
2021 yil mart oyidan boshlab institutda “Uzluksiz kasbiy ta’lim” (onlinedu.uz) maxsus elektron platformasi ishga tushirildi. Joriy yilning 1 martidan boshlab platforma orqali 30 soatga mo‘ljallangan uzluksiz kasbiy rivojlantirish kurslarida 8 ta fan yo‘nalishlari jami 1688 nafar fan metodistlari malaka oshirib tegishli sertifikatga ega bo‘ldi.
“Umumiy o‘rta ta’lim maktab direktorlarining kasbiy rivojlantirish” kurslarini tashkil etish maqsadida 1311 nafar maktab direktorlari ro‘yxatdan o‘tkazildi.
“Uzluksiz kasbiy ta’lim” (onlinedu.uz) elektron platformasida vaqt va miqdor cheklovlarisiz milliy vebinar tizimi yaratildi.
Badiiy akademiya tizimidagi maktab internatlari o‘qituvchilari uchun shartnoma asosida 3 ta malaka oshirishi kurslari tashkil etildi hamda 84 nafar tinglovchi tegishli mutaxassislik yo‘nalishida sertifikat berildi.
Shuningdek, joriy yil o‘tgan davrida markaz tomonidan jami 18 ta (1 ta boshlang‘ich ta’lim, 2 ta ingliz tili, 1 ta matematika, 1 ta texnologiya, 5 ta psixologiya, 1 ta informatika, 1 ta rus tili, 1 ta o‘zbek tili, 2 ta tarbiya, 1 ta tiflopedagogika, 1 ta oligofrenopedagogika, 1 ta logopediya) kasbiy qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.
O‘tgan olti oy davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Kelgusida amalga oshiriladigan ishlar, rejalar belgilandi. Maqsadimiz ulkan. Tizimga tatbiq etishimiz kerak bo‘lgan loyihalar talaygina.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/fuMJAUmYd_o" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Ayubxon Radjiyev,
A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori.
O‘zA