Sarhisob: muammolar, yutuqlar va rejalar
Andijonda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limining 2021–2025-yillardagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, uyushma a’zolari, faxriy jurnalistlar hamda soha faollari ishtirok etgan yig‘ilishda mamlakatimizda jurnalistika sohasini rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlash va media makonni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, uyushmaning keyingi besh yillik faoliyati atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Andijon viloyati bo‘limi raisi Maxpuraxon Artiqovaning hisoboti tinglandi. Ma’ruzada keyingi besh yil davomida ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yosh kadrlarni sohaga jalb etish hamda jamoalarda ijodiy muhitni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi.
Ayni kunda viloyatda 2 ta televideniye, 20 ga yaqin bosma va internet nashrlar faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, respublika ommaviy axborot vositalarining 20 nafarga yaqin muxbiri ham samarali ish olib bormoqda. Ular tomonidan aholi va keng jamoatchilik tezkor va xolis axborot bilan ta’minlanmoqda.
Yig‘ilishda Baliqchi tumani “G‘alaba” gazetasi muharriri Shahzoda Karimova, faxriy jurnalistlar Najmiddin Ergashev, Bekmirza Madrahimov, Qobiljon Asqarov, Feruza Mirzaolimova bo‘limning o‘tgan besh yil davomidagi faoliyati, yutuq va kamchiliklari xususida so‘z yuritib, bo‘lim faoliyatini ijobiy baholadi.
[gallery-29542]
Shuningdek, yig‘ilishda sohadagi yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolarni bartaraf etish, ayniqsa, bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli jurnalistikani rivojlantirish, media savodxonlikni oshirish, sohaga qiziqadigan iqtidorli yoshlarni tarbiyalash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Yig‘ilishda “Xalq so‘zi” gazetasining Andijon viloyati muxbiri Saminjon Husanov uyushma viloyat bo‘limiga yangi rais etib saylandi.
Shuningdek, yig‘ilish kun tartibiga asosan, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi qurultoyida ishtirok etish uchun delegatlar saylandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari.