Bir oliygohdagi katta o‘zgarishlar
Farg‘ona davlat universitetidagi bugungi muhitni kuzatar ekanman, eng avvalo, ta’lim jarayoni, ilm-fan va yoshlar bilan ishlashdagi yangicha yondashuvlar e’tiborni tortadi. Zamonaviy infratuzilma, xalqaro hamkorlikning kengayishi, ilmiy izlanishlar va talabalar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar oliygoh hayotida yangi muhit shakllanganini ko‘rsatmoqda.
Men Farg‘ona davlat universitetida qariyb 30 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan inson sifatida bu o‘zgarishlarni yaqindan kuzatdim. Shu bois bugungi FarDU bilan bir necha yil avvalgi oliygohni qiyoslaganda, nafaqat infratuzilmada, balki ta’limga, talabaga va jamoaga munosabatda ham sezilarli yangilanishlarni ko‘rish mumkin.
Bugun qariyb 30 ming nafar talaba tahsil olayotgan universitetda ochiq muloqot, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar bilan bevosita ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Rektor va talabalarning ochiq uchrashuvlari, yoshlarning o‘z taklif va muammolarini bevosita bildirishi shunday muhit shakllanganidan dalolat beradi.
Farg‘ona davlat universitetidagi o‘zgarishlarda rektor, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadovning boshqaruv yondashuvi ham alohida o‘rin tutadi. Uning jamoa bilan yaqin hamkorlik qilishi, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi va umumiy maqsad sari jamoani birlashtira olishi oliygohdagi yangilanishlarning muhim omillaridan biri bo‘lmoqda.
Mening nazarimda, bu natijalar zamirida rahbarning jamoa bilan yaqin hamkorligi, har bir tashabbusni qo‘llab-quvvatlashi va umumiy maqsad sari jamoani birlashtira olgani muhim o‘rin tutadi. Har qanday yangilanish, avvalo, jamoaviy mehnat va o‘zaro ishonch muhitida samara beradi.
So‘nggi yillarda universitetning moddiy-texnik bazasi ham sezilarli darajada yangilandi. Zamonaviy o‘quv binolari, talabalar turar joylari, auditoriyalar, laboratoriyalar va kutubxonalar barpo etildi. O‘quv jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish uchun mavjud binolar ta’mirlanib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va interaktiv vositalar bilan jihozlandi.
Talabalarning ilmga qiziqishini oshirish maqsadida davlat stipendiyalaridan tashqari, universitetning ichki stipendiyalari tizimi ham yo‘lga qo‘yildi. Maktab bitiruvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan olimpiadalar esa iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni oliy ta’limga yo‘naltirishga xizmat qilmoqda.
Ta’limni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitetning agrouchastkalari, viloyatdagi sanoat va agrokorxonalar bilan hamkorligi talabalarning o‘z sohasi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash imkonini bermoqda. Shuningdek, dual ta’lim tizimi orqali talabalarning nazariy bilimlarini ish jarayoni bilan uyg‘unlashtirish, ularni kelgusi kasbiy faoliyatga tayyorlashga kengroq sharoit yaratilmoqda. Bu yondashuv ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bundan tashqari, yashil energetika va muqobil energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha tashabbuslar ham oliygohning zamonaviy tendensiyalarga mos rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Axborot-resurs markazining elektron bazalar bilan boyitilishi, onlayn kitoblardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, talabalar uchun tashkil etilgan “Book cafe”lar ham ta’lim muhitini yanada qulaylashtirmoqda.
Talabalarning ma’naviy va ijtimoiy hayotida ham yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Teatr studiyalari, mediamarkazlar, intellektual klublar, xorijiy tillar, dasturlash va tarjima markazlari, “FarDU” professional futbol klubi hamda sport to‘garaklari yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning iqtidor va qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham e’tibor kuchaytirilgan. Hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan yoshlar bilan “xonadonbay” ishlash, ularning muammolarini o‘rganish, zarur hollarda ish bilan ta’minlash yoki kasbiga mos jihozlar bilan ko‘maklashish kabi ishlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning amaliy shakllariga aylangan.
FarDUdagi yangilanishlar xalqaro maydondagi natijalarda ham aks etmoqda. Universitet QS Stars baholash tizimida umumiy to‘rt yulduzli maqomga, ta’lim sifati va bitiruvchilar bandligi bo‘yicha esa besh yulduzli ko‘rsatkichga erishgan. Shuningdek, oliygoh QS World University Rankings – Asia reytingida 801-850 o‘rinlar oralig‘idan joy olgan. THE Impact Rankings, UI GreenMetric hamda Round University Ranking kabi xalqaro reytinglarda ham ishtirok etmoqda.
Germaniyaning ASIIN agentligi tomonidan kimyo, biologiya, matematika va fizika yo‘nalishlaridagi 8 ta ta’lim dasturining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgani ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida takomillashtirishga qaratilgan ishlarning yana bir natijasidir.
Bugun universitet 34 ta mamlakatdagi 200 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bu professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik almashinuv, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati 70 foizga yaqinlashib borayotgani ham ilm-fanga bo‘lgan e’tibor kuchayganini ko‘rsatadi.
Bahodirjon Shermuhammadovning xorijiy oliy ta’lim muassasalari tomonidan turli faxriy unvonlarga sazovor bo‘lishi ham universitetning xalqaro aloqalari rivojidagi o‘ziga xos natijalardan biridir. Jumladan, unga Vengriya qishloq xo‘jaligi va hayotiy fanlari universiteti tomonidan “Faxriy doktor”, Ural davlat pedagogika universiteti, Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti hamda Ozarbayjonning “Odlar Yurdu” universiteti tomonidan “Faxriy professor” unvonlari berilgan. Xitoyning Loyang arxeologik tadqiqotlar institutida esa “Bosh ilmiy xodim” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Bugun Farg‘ona davlat universitetida bo‘layotgan o‘zgarishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ta’lim muassasasida yangilanish avvalo muhitdan boshlanadi. Bu muhitda ustozning mehnati, talabaning tashabbusi, ilm-fanga intilish va jamoaning umumiy maqsadi bir-biri bilan uyg‘unlashadi.
Men uchun FarDUdagi bugungi o‘zgarishlarning eng muhim jihati ham shunda. Zamonaviy binolar, xalqaro reytinglar va yangi loyihalar muhim. Ammo ularning barchasi zamirida inson, uning bilimi, tashabbusi va kelajakka ishonchi turibdi.
Muhammadjon Mamajonov,
FarDU professori, filologiya fanlari doktori.
O‘zA