Barcha qulayliklarga ega maktab binosi foydalanishga topshirildi
Navoiy viloyati Nurota tumanidagi Yangiturmush mahallasida joylashgan 20-son umumta’lim maktabi to‘liq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega 417 o‘rinli yangi bino foydalanishga topshirildi.
Yangi ta’lim maskanining tantanali ochilish marosimida tuman hokimligi va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ta’lim tizimini zamon talablari asosida rivojlantirish, yosh avlod uchun munosib va qulay ta’lim muhitini yaratishdir. Shu maqsadda ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, maktablarni rekonstruksiya qilish va ularni zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Loyiha “Investitsiya dasturi” asosida amalga oshirilib, rekonstruksiya ishlariga 6,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish va rekonstruksiya ishlari “Ashraf” xususiy korxonasi tomonidan bajarildi.
Yangilangan maktabda o‘quvchilar uchun ta’lim olishning zamonaviy va qulay muhiti yaratilgan bo‘lib, bino zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlangan hamda o‘quvchilarning xavfsizligi, qulayligi va sifatli ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri