Konstitutsiyaviy qonun mohiyati keng tushuntirilmoqda
Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, davlat organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, boshqaruv jarayonlarida samaradorlik va mas’uliyatni oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning yangi qonunchilik hujjatlaridan xabardorligini oshirish, ularning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri anglash va amaliy faoliyatida qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish muhim vazifalardan biridir.
Shu ma’noda, 2026-yil 14-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni muhim huquqiy hujjatlardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur hujjat bilan Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, asosiy vazifalari va vakolatlari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda davlat hokimiyati organlari bilan hamkorligining muhim jihatlari belgilab berildi.

Namangan viloyatida yangi qonunning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini davlat xizmatchilariga keng tushuntirish maqsadida adliya idoralari tomonidan tizimli huquqiy targ‘ibot tadbirlari uyushtirildi. Barcha shahar va tumanlardagi davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilari ishtirokida yangi Konstitutsiyaviy qonun yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish tadbirlari o‘tkazildi.
Ularda viloyat adliya boshqarmasi xodimlari tomonidan qonunning asosiy mazmuni, uning davlat boshqaruvi tizimidagi ahamiyati hamda amaliyot uchun muhim bo‘lgan jihatlar batafsil tushuntirildi. Xususan, Prezident Administratsiyasining davlat boshlig‘i vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashdagi o‘rni, davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishi va hamkorligini ta’minlashga ko‘maklashishi haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari va uning tarkibiy bo‘linmalarining vakolatlari, faoliyatini tashkil etish masalalari, davlat organlari bilan hamkorlik qilish mexanizmlari hamda belgilangan vazifalarni amalga oshirishdagi o‘rni atroflicha yoritildi.
– Targ‘ibot tadbirlarida qonunning faqat nazariy mazmunini tushuntirish bilan cheklanib qolmasdan, uning normalarini davlat boshqaruvi jarayonlarida qo‘llash bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi, – dedi Namangan viloyati Adliya boshqarmasining sho‘ba boshlig‘i Naima Yodgorova. – Davlat xizmatchilariga huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifa va vakolatlarni to‘g‘ri anglash, ularning ijrosini ta’minlash, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish, ijro intizomiga rioya etish hamda boshqaruv jarayonlarida qonuniylikni ta’minlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Qayd etish joiz, uchrashuv va davra suhbatlari davomida qatnashchilarni qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan huquqiy javoblar qaytarildi. Bu esa yangi Konstitutsiyaviy qonun normalarining mazmunini yanada chuqurroq anglash va ularni amaliy faoliyat bilan bog‘lash imkonini berdi.

Binobarin, bugungi kunda davlat boshqaruvi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi, avvalo, davlat xizmatchilarining huquqiy bilim va mas’uliyatiga ham bog‘liq. Shu sababli yangi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini joylarda keng tushuntirish, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini oshirish va yangi normalarni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etishga ko‘maklashish adliya organlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Viloyatning chekka va olis manzillariga qamrab olingan o‘ttizga yaqin tadbirlari ham ayni shu maqsadga qaratildi.

Bunday huquqiy targ‘ibot ishlari orqali davlat xizmatchilarining yangi Konstitutsiyaviy qonun haqidagi bilimlarini mustahkamlash, davlat boshqaruvida qonuniylik va huquqiy aniqlikni ta’minlash asnosida, belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zarur huquqiy asos va tushunchalarni shakllantiradi.
Asosiysi, qonun mazmun-mohiyatining keng jamoatchilikka, xususan, davlat xizmatchilariga izchil yetkazilishi uning amaliy ahamiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, boshqaruv jarayonlarida yagona huquqiy yondashuvni ta’minlash va davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri