O‘zbekiston delegatsiyasi Avstraliyada uran sanoati bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganmoqda
Uran sanoatida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar va geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha tajriba almashish sohaning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu kunlarda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi delegatsiyasining Avstraliyada xizmat safarida bo‘lib, geologiya-qidiruv ishlari hamda uran qazib olish sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganayotgani aynan shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Xizmat safari davomida G‘arbiy Avstraliya mintaqasida joylashgan istiqbolli uran maydonlarida geologik o‘rganish ishlari olib borildi. Unda geologiya-qidiruv jarayonlarini tashkil etish, amalga oshirish usullari va sohadagi ilg‘or yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, Janubiy Avstraliya mintaqasida joylashgan “Samphire” uran maydonida olib borilayotgan tajriba-sanoat ishlari natijalari bilan tanishildi. Mutaxassislar minerallashuv bosqichlari, geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib olishga tayyorgarlik jarayonlarining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot oldi.
7-8-oktabr kunlari delegatsiya Adelaida shahrida bo‘lib o‘tgan “Global Uranium Conference – 2026” xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston, AQSH, Kanada, Avstraliya, Namibiya, Xitoy, Argentina, Hindiston, Yaponiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan 50 dan ortiq kompaniya vakillari qatnashdi.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston uran sanoatining erishgan natijalari, “Navoiyuran” DKning ishlab chiqarish salohiyati va xorijiy mamlakatlarda uran qazib olish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Tadbir davomida xalqaro tajribani o‘rganish, sohadagi mutaxassislar va kompaniyalar bilan professional aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Vazirlik axborot xizmatining xabar berishicha, delegatsiyaning Avstraliyadagi xizmat safari va xalqaro konferensiya doirasidagi tadbirlar 10-oktabr kuni yakunlanadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA