Avstraliya armiyasiga ilk bor ayol rahbar tayinlandi
Avstraliya armiyasiga 125 yilda ilk bor ayol rahbar tayinlandi. General-leytenant Syuzan Koyl iyul oyidan boshlab Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimini egallaydi. Bu qaror mamlakat mudofaa tizimidagi muhim o‘zgarish sifatida baholanmoqda.
Voqeani tarixiy deb atagan Bosh vazir Entoni Albaneze ta’kidlashicha, ushbu qaror ayollar uchun yangi imkoniyat ochadi. Mudofaa vaziri ham tayinlov kelajak avlod uchun kuchli ilhom bag‘ishlashini aytdi. Ya’ni, armiyada gender tenglikka e’tibor kuchaymoqda.
1987-yil harbiy xizmatga kirgan Koyl turli yuqori lavozimlarda ishlagan. Uning tajribasi va rahbarlik qobiliyati tanlov uchun asosiy omil bo‘ldi. Qolaversa, Syuzan mamlakat harbiy tizimidagi islohot jarayonida muhim o‘rin egallashi kutilyapti. Ayniqsa, yetakchi xotin-qizlar sonini oshirish masalasi juda dolzarb.
Hozir Avstraliya Qurolli kuchlarida ayollar ulushi 20 foiz atrofida. Hukumat bu ko‘rsatkichni yanada oshirish rejasini tuzgan. Zero, so‘nggi yillarda armiyada diskriminatsiya va zo‘ravonlik bo‘yicha shikoyat ko‘paygan. Yangi rahbar tayinlanishi ayni muammolarni hal qilishga ham xizmat qilishi kutilyapti.
Musulmon Ziyo,
O‘zA