90 yoshda qamoq: ona o‘g‘li uchun jazolandi
Janubiy Koreyada 90 yoshli ayol giyohvand moddalar savdosidan tushgan daromadini yashirishda o‘g‘liga yordam bergani uchun bir yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud xulosasiga ko‘ra, u 2020-2022-yillar oralig‘ida bir necha marta katta miqdordagi pulni qabul qilib, boshqa hisob raqamiga o‘tkazgan. Umumiy miqdor yuzlab million vonni tashkil etgan.
Ish Incheon shahrida ko‘rib chiqildi. Sudya ayol o‘z harakati bilan noqonuniy o‘zlashtirilgan mablag‘ni yashirgani, bu holat jinoyatni og‘irlashtiruvchi omil ekanini ta’kidladi. Tabiiyki, aybdorning yoshi va avval sudlanmagani jazo belgilashda inobatga olindi.
Jinoyatchi o‘g‘il ayni payt Kambojada hibsga olingan va hozir ham jazoni o‘tayapti. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, onasi uning faoliyatidan xabardor: kampir bir necha bor Kambojaga borgan, farzandi ushlanganini bilgan. Aynan shu holat sud tomonidan muhim dalil sifatida qabul qilindi.
Jarayonda yana bir shaxs – gumonlanuvchining qizi ham tilga olingan. Juvon ham ko‘p miqdorda pul qabul qilgani uchun sudga tortilgan. Faqat mablag‘ manbasidan xabardorligi isbotlanmagani sababli u oqlandi. Shu tariqa, sud asosiy javobgarlikni ona zimmasiga yukladi.
Musulmon Ziyo,
O‘zA