Onasining gilamlarini o‘g‘irlagan o‘g‘ri ozodlikdan mahrum qilindi!
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi tomonidan 1974 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan A.Madaminovga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. U muqaddam o‘g‘irlik, firibgarlik, bosqinchilik kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun olti marta sudlangan.
Yoshi ellikni qoralab qolgan bo‘lsa-da, hali ham hayotda o‘z o‘rnini topolmayotgan, ozodlik qadrini his qila olmagan A.Madaminov yana bir bor o‘g‘irlik jinoyatiga qo‘l urdi.
Gap shundaki, A.Madaminov Qo‘qon shahar, «Bodomzor» ko‘chasi, 88-uyda o‘zi bilan birga yashovchi onasi T.Shanazarovaga tegishli 1.750.000 so‘mlik uch dona gilamlarni o‘g‘irlab, 800.000 so‘mga sotib yuborgan.
Achinarlisi shundaki, A.Madaminov avval ham onasiga tegishli mulklarni o‘g‘irlab, sotib yuborgan va onasiga yetkazilgan moddiy zararni qoplashdan bo‘yin tovlab, to‘rt oy qamoq jazosini o‘tab chiqqan edi.
Bu gal onasi — T.Shanazarova qizining uyiga ketgan vaqtda o‘g‘li A.Madaminov unga tegishli bo‘lgan uch dona gilamlarni o‘g‘irlab olib chiqib ketib, noma’lum shaxsga sotib yuborgani, o‘g‘li tomonidan unga yetkazilgan moddiy zarar qoplanmagani, shu sababli o‘g‘liga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘radi.
Sud, jinoyat ishida to‘plangan dalillarni tekshirib, A.Madaminovni o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topib, uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatishning imkoni yo‘q deb hisoblab, unga nisbatan bir yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni lozim topdi.
O‘g‘il onaga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga imkoniyati bo‘la turib, qoplamadi, ona esa o‘g‘ilni kechirmadi. Xullas, sudda yarashuv bitimi tasdiqlash imkoni bo‘lmadi.
E.Hakimov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining sudyasi