85 million so‘mlik tovon
Intellektual mulkni himoya qilish — mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, ijod ahlining huquq va manfaatlarini muhofaza qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mualliflik huquqini ishonchli himoya qilish, ijodkorlarning mehnatini qadrlash hamda ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har kimning ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi kafolatlangan. Shuningdek, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi alohida belgilab qo‘yilgan. Bu esa har qanday asardan, jumladan, she’r, qo‘shiq, musiqa yoki boshqa ijod namunasidan muallifning roziligisiz foydalanish qonunbuzarlik ekanini anglatadi.
Aynan shunday holatlardan biri Buxoro viloyatida kuzatildi. Taniqli shoirning she’ri xonanda tomonidan muallif ruxsatisiz, litsenziya shartnomasi tuzilmagan holda qo‘shiq qilib ijro etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. Bu esa “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonun talablarining ochiqchasiga buzilishiga sabab bo‘ldi.
Tomonlar o‘zaro kelishuvga erisha olmaganidan keyin shoir sudga murojaat qilib, ma’naviy zarar va tovon puli undirishni talab qildi. Sud ish materiallarini har tomonlama o‘rganib chiqib, da’vogar foydasiga 10 million so‘m ma’naviy zarar hamda bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobari miqdorida — 75 million so‘m tovon puli, jami 85 million so‘m undirish haqida qaror qabul qildi.
Mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Buxoro viloyatining Jondor tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, ijro ishi qo‘zg‘atildi va qarzdorga qonunchilikda belgilangan tartibda ixtiyoriy bajarish uchun muddat berildi. Biroq belgilangan vaqt mobaynida qarzdor tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan hech qanday chora ko‘rilmadi.
Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro harakatlari boshlanib, qarzdorga tegishli avtotransport vositasiga nisbatan taqiq qo‘yildi va qidiruv e’lon qilindi. Ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashina aniqlanib, jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Avtomashina baholanib, uni onlayn-auksion savdosiga chiqarish bo‘yicha rasmiy ogohlantirish berilgach, qarzdor o‘z majburiyatini anglab yetdi. Natijada sud qarorida belgilangan 85 million so‘m qarzdorlik to‘liq qoplandi va ijro hujjati amalda to‘liq bajarildi.
Bu voqea bir haqiqatni yana bir bor isbotladi: intellektual mulk ham boshqa mulk kabi daxlsizdir. Muallifning roziligisiz uning ijod mahsulidan foydalanish nafaqat huquqbuzarlik, balki katta moliyaviy yo‘qotishlarga ham olib kelishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri