AOKAda Kadastr agentligi rahbariyati ishtirokida ko‘chmas mulklarga oid ma’lumotlarni UZKAD axborot tizimiga o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar mavzusidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 24 avgustdagi tegishli farmoniga asosan, o‘tgan yil 1 yanvardan boshlab Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot tizimi – UZKAD ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarining haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona axborot tizimi etib belgilangan.
Jismoniy va yuridik shaxslarga soliqlarni hisoblash, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, davlat xizmatlari, bank, kommunal, sug‘urta va boshqa ommaviy xizmatlarni ko‘rsatishda ko‘chmas mulkka oid barcha ma’lumotlar tegishli davlat organlari hamda xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan UZKAD tizimidan olinishi belgilandi.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, bugungi kunga kelib, UZKAD tizimida jami, 26,13 mln. gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlarining 23,89 mln. gektari hisobga olinib, 23,36 mln. gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bundan tashqari farmonda qog‘oz shaklida yoki boshqa axborot tizimlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har bir ko‘chmas mulk ob’ektini identifikatsiyalagan holda UZKAD tizimiga to‘liq o‘tkazish belgilangan.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, 8,2 millionta ko‘chmas mulk ob’ektlarini birma-bir identifikatsiya qilish orqali bosqichma-bosqich UZKAD tizimiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, UZKAD tizimini 20 ta boshqa davlat organlarining axborot tizimlariga integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.
Hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘chmas mulklarini 2 xil usulda UZKAD tizimiga o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
351,4 mingta ko‘chmas mulklar UZKAD tizimiga identifikatsiya qilingan holda qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi. Tizim 17 ta axborot tizimlariga integratsiya qilindi. Bu esa ko‘chmas mulklarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ipoteka shartnomalarini, bino va inshootlar ijara shartnomasi, servitutni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanishda UZKAD tizimi orqali amalga oshirish imkonini yaratdi.
Shuningdek, ob’ektlarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish modellari, noturar ob’ektlarni inventarizatsiya qilish modeli, inson omilisiz kadastr raqamini shakllantirish modeli yaratildi.
Sh. Mamaturopova, O‘zA