Jinoyatchilikning oldini olish borasida xalqaro hamkorlik kengaymoqda
Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jinoyatchilikni oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 15-kongress doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Nodira Hakimova hamda Birlashgan Arab Amirliklari Milliy narkotiklarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i shayx Zayd bin Hamad bin Hamdan Ol Nahayon janoblari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash, tahliliy va tezkor ma’lumotlar almashish, soha xodimlarini qayta tayyorlash hamda mintaqada yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Shuningdek, BAA tomoni bo‘lajak 16-kongressni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish uchun yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi 15-kongress doirasida xorijiy hamkor davlatlar va xalqaro tashkilot vakillari bilan ham samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Yaponiya adliya vaziri Takashi Yamasita janoblari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratish hamda O‘zbekiston delegatsiyasining joriy yil noyabr oyida Yaponiyaga amalga oshiriladigan tashrifi istiqbollari ko‘rib chiqildi, deyiladi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi ma’lumotida. Muzokaralar doirasida ilg‘or tajriba almashish va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan kelishib olindi.
Xitoy Xalq Respublikasi Adliya vazirligi Xalqaro hamkorlik byurosi direktori o‘rinbosari Feng Guang janoblari bilan tashkil etilgan muloqotda esa hamkorlikning bugungi holati va kelajakdagi rejalari muhokama markazida bo‘ldi. Uchrashuvda hamkor davlatdan tahliliy va tezkor ma’lumotlarni olish jarayonlarini jadallashtirish, zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kurashishda faol tajriba almashishga qaror qilindi.
Pokiston Islom Respublikasining BAAdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shavkat Ali Xon boshchiligidagi delegatsiya bilan bo‘lgan uchrashuvda joriy yilning 5-fevral kuni Islomobod shahrida imzolangan hukumatlararo bitimning kuchga kirishi bilan bog‘liq davlat ichki tartib-taomillarini yakunlash hamda amaliy hamkorlikni boshlash masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston tomoni Pokistonning chegara-bojxona nazorati, portlarda yirik hajmdagi yuklarni tekshirish va prekursorlarni nazorat qilish borasidagi tajribasiga qiziqish bildirdi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA