Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Jinoyatchilikka qarshi kurashishning dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ekspertlari, qator vazirlik va idoralar mutasaddilari, shuningdek onlayn formatda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Belarus, Qirg‘iz, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalarining yetakchi ta’lim muassasalaridan mutaxassislar ishtirok etdi.

Konferensiya avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyoda odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Reda Sirgediyene, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov, IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov so‘z olib, global va mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan xavf-xatarlar, barqaror rivojlanish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari, bu borada O‘zbekiston milliy strategiyasining ustuvor jihatlariga to‘xtalib o‘tishdi.

Shundan so‘ng mahalliy va xalqaro ekspertlarning “Zamonaviy O‘zbekiston jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari”, “BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha tashabbuslari”, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishning muammo va yechimlari”, “Kiberjinoyatlarni tergov qilish metodikasini takomillashtirish masalalari”, “Jinoyatchilikka qarshi kurashishning yangi vektorlari”, “Raqamlashtirish davrida jinoiy siyosatning asosiy tendensiyalari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiya ishi belgilangan mavzular bo‘yicha alohida sho‘’balar ko‘rinishida davom ettirildi. Munozaralar jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurashishning nazariy va amaliy jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashilib, mavjud muammolarning ilmiy-amaliy yechimlariga qaratilgan qator taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xalqaro konferensiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati