O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov saylovda ovoz berdi
Mamlakatimizda 2014-yil 21-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizda 2014-yil 21-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 21-dekabr kuni ovoz berish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 644-saylov uchastkasiga tashrif buyurdi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Konstitutsiya bilan kafolatlangan saylov tizimi yaratildi. Bu tizim izchil takomillashtirib borilmoqda.
2005-yildan buyon O‘zbekistonda ikki palatali parlament faoliyat ko‘rsatmoqda. 2003 va 2008-yillarda Bosh qomusimiz, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Buning samarasida milliy saylov tizimining bosqichma-bosqich liberallashuvi, ikki palatali parlament saylovlarining xalqaro normalarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasi shakllandi.
Prezident Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida qabul qilingan qonunlar Oliy Majlisning jamiyatimiz hayotidagi roli va ahamiyatini sezilarli darajada kuchaytirdi. Caylov yakunlariga ko‘ra parlamentda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi taklif etilishi tamoyili hamda hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumi institutining joriy etilishi o‘z mazmun-mohiyati bilan mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirishning yangi bosqichini boshlab berdi.