65 yillik tajriba — yangi yutuqlar poydevori
So‘nggi yillarda mamlakatimizda rangli metallurgiya sanoatini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda mamlakatning yetakchi sanoat korxonalaridan biri — Olmaliq kon-metallurgiya kombinati muhim o‘rin tutadi.
Kombinatning eng yirik tarkibiy bo‘linmalaridan biri bo‘lgan Mis boyitish fabrikasi joriy yilda o‘zining muhim sanasi — ilk mis konsentrati olinganining 65 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan davr mobaynida korxona oddiy boyitish fabrikasidan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega yirik sanoat majmuasiga aylandi.

Mazkur fabrikaning bunyod etilish tarixi o‘tgan asrning 50-yillariga borib taqaladi. 1953-yilda "Mexanobr" instituti tomonidan korxona qurilishi bo‘yicha dastlabki loyiha ishlab chiqildi. Keyinchalik ushbu hujjat bir necha bor takomillashtirilib, 1956-yilda tasdiqlandi. 1958-yilda esa institut mutaxassislari tomonidan fabrikaning texnik loyihasi tayyorlandi. Ko‘p yillik izlanish va bunyodkorlik ishlari samarasi o‘laroq, 1961-yil iyun oyida Mis boyitish fabrikasining birinchi navbati foydalanishga topshirildi. Aynan shu yerda mamlakat tarixida ilk bor mis konsentratini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu voqea nafaqat kombinat, balki O‘zbekistonning rangli metallurgiyasi rivojida ham muhim tarixiy bosqich bo‘ldi.

Bugungi kunda bu fabrikada 5 ta asosiy va 5 ta yordamchi sex faoliyat yuritmoqda. Korxonaning yillik ma’danni qayta ishlash quvvati 39,9 million tonnani tashkil etadi. Shundan 1-sonli Maydalash sexi hissasiga 24,1 million tonna, 2-Maydalash va boyitish majmuasiga 9,8 million tonna hamda Yanchish va flotatsiyalash sexining Maydalash va yanchish bo‘linmasiga 6 million tonnaga to‘g‘ri keladi. Fabrika yiliga Mis eritish zavodiga 680 ming tonnadan ortiq mis konsentrati yetkazib beradi. Uning tarkibidagi sof mis miqdori esa 108,5 ming tonnadan ziyod. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, fabrikada 39,3 million tonna ma’dan qayta ishlanib, tarkibida 116 ming 963 tonnadan ortiq mis tarkibli konsentrat ishlab chiqarildi va zavodga yetkazib berildi.

Korxonada 2018-yil 30-sentabridagi tegishli qaror hamda ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturi asosida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Rekonstruksiya dasturining muhim bosqichi 8-sonli flotatsiya monoseksiyasi qurilishi hisoblanadi. Ushbu inshoot flotatsiya zanjirini sezilarli darajada kengaytirib, ma’danni qayta ishlash hajmini oshirish uchun zarur texnologik imkoniyatlarni yaratadi. Rejalashtirilgan ishlar to‘liq yakunlangach, Mis boyitish fabrikasining yillik ma’danni qayta ishlash quvvati 45 million tonnaga yetkaziladi.

Bundan tashqari, tasdiqlangan "Yo‘l xaritasi" asosida gravitatsion boyitish texnologiyasini joriy etish maqsadida 29 ta markazdan qochma konsentrator o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur texnologik yangilik foydali komponentlarni ajratib olish samaradorligini sezilarli darajada oshirib, ishlab chiqarishning texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

Bugun 65 yillik shonli tarixga ega Mis boyitish fabrikasi boy tajriba va mustahkam an’analarni zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or muhandislik yechimlar hamda innovatsion yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirgan yirik sanoat majmuasiga aylangan. Korxonada izchil amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mamlakat rangli metallurgiya yo‘nalishidagi yetakchi mavqeini yanada mustahkamlab, O‘zbekistonning eksport imkoniyatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Musayev,O‘zA.