Munosiblar tan oldiradi...
Bugun mamlakatimizda yosh avlodning aql-zakovati, iste’dodi va mehnati davlat darajasida yuksak e’tirof etilayotgani har bir ota-ona qalbida faxr va ezgu orzularni uyg‘otmoqda.
Prezidentimizning 2026-yil 28-sentabrdagi “46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasi g‘oliblari hamda ishtirokchilarini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni ana shu e’tirofning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi. Unda yurtimiz shaxmatchilari xalqaro maydonda namoyon etgan yuksak professional mahorat, aql-zakovat, iroda va matonat, O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va shon-shuhratini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi alohida qayd etildi.
Kuni kecha Ko‘ksaroyda davlat mukofotlarini qabul qilayotgan yoshlarimizni ko‘rib, ularning har birida nafaqat shaxsiy g‘alaba, balki ota-ona orzusi, ustoz mehnati va yurt ishonchi mujassam ekanini his qildik.
Zero, bugun ularga qarab havas qilayotgan har bir ota-ona “Mening farzandimga ham shunday baxt nasib etsin”, deya niyat qiladi. Ana shu ezgu niyatlar esa yosh avlod uchun yaratilgan imkoniyatlar, ilmga, ta’limga va iste’dodga berilayotgan e’tibor bilan uyg‘unlashib, katta natijalarga aylanmoqda.
Dunyo ahli ham O‘zbekistonning ana shunday yoshlari, ularning salohiyati va yutuqlariga qarab, yurtimizga havas qilmaydimi?!
Prezidentimiz ko‘p ta’kidlaydigan bir jumla endilikda yuragimizda aytadigan shiorga aylanib bormoqda: "Mashaqqatli mehnatimiz bilan dunyoni tan olishga, hurmat qilishga majbur qilamiz".
Aslida bu yurt ahliga nima kerak – avvalo tinchlik. Yana nima kerak – yoshlar kamoli. Keling, yana nima kerak, deb so‘rasangiz, davlatining qo‘llab-quvvatlovi. Xo‘sh, bugun bularning hammasi namoyon emasmi?! Yoshi ulug‘larimizning duolari ham aslida shundan boshlanadi-ku, demak, duolari ijobat bo‘layotgan zamon emasmi bugunimiz?!
Ilming bormi – o‘rning bor, hunaring bormi – hurmating bor, sadoqating bormi – qadring bor! Yurtda farovon yashash uchun mana shu uchta imkoniyatning o‘zi yetarlidir.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan yoshlarimizning ko‘ziga boqsangiz, avvalo, yuksak ishonchni ko‘rasiz. Bu yurtiga, o‘z ilmiga bo‘lgan hamda ota-onasini baxtli qilish yo‘lida tashlayotgan qadamlaridagi ishonchdir. Ular bilan suhbatlashsangiz, ro‘yolar ortidan chopmay, aniq maqsadlarni ko‘zlayotganiga amin bo‘lasiz, orzu-xayollarini bilim bilan mustahkamlab, o‘z hayoti va yurt farovonligi uchun intilayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Ular bugungi kun uchun ham, ertangi kelajak uchun ham haqiqiy o‘rnakdir. Tan olaylik, bu yoshlarning quvonchi yuraklarimizga eng shirin va faxrli hissiyotlarni baxsh etdi. Har birining qiyofasida o‘z yaqinlarimizni, farzandlarimizni ko‘rishni istadik. Munosib insonlar o‘zlarini mana shunday tan oldiradi!
Bu yutuqlarning barchasi ortida kitob, ilm, ta’lim va muallim turibdi. Hamda ushbu ulug‘ tushunchalarni xalq yuragiga singdirayotgan Prezident va Ona yurt turibdi.
Kimlar tan olmasdi, kimlar bilmasdi,
Kimlar ko‘z uchida qarab tinmasdi.
Kimlarning avlodi ekanimizni,
Bilganlar eslashga hech urinmasdi.
Go‘yoki, oldidan nonin olgandek,
Yovqarash qilganlar bugun bechora.
Kimlardir og‘ziga talqon solgandek,
Endi o‘zi bilan o‘zi ovora.
Biz og‘ir karvonmiz, manzilimiz bor,
“O‘qi” degan ulug‘ undovga duchor.
Bu xalqning sabriga sabri yetmaslar,
Jabr yetkazib ham qilolmadi xor.
Bunda diyonatning cho‘g‘i so‘nmasdi,
Bunga bobolarning ruhi ko‘nmasdi.
Bahoridan umid uzmagan elni,
Bilganlari sari ezib tinmasdi.
Keling, g‘olib emas, hikmat izlaylik,
Bugun kim ilmda, kim qabohatda.
Marrani zabt etib, marra ko‘zlaylik,
O‘zbekning yuragi shundan rohatda.
Dunyoni to‘p kabi tepkilamaydi,
To‘p sursa, titraydi jahon maydoni.
Hech kimni begunoh turtkilamaydi,
Charm qo‘lqop bilan olar dunyoni.
Shubhalar qolmadi aql jangida,
Oq-qora maydondir olamning asli.
Necha mahoratlar qolib changida,
Shohlarni mot qilar donolar nasli.
Barini tafakkur qiling va o‘ylang,
Mashaqqatli mehnat og‘ir, bilamiz.
Yurtini sevganga ergashib bir kun,
Dunyo tan olishga majbur qilamiz!
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA