Yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan kursant qizning muvaffaqiyat formulasi
Prezident bilan muloqotdan so‘ng...
Bugun jamiyatda bir hayotiy haqiqat borgan sari teranroq bo‘y ko‘rsatmoqda. Bir o‘g‘ilni o‘qitsangiz, bir insonni ilmli qilgan bo‘lasiz. Bir qizni ilmli qilish esa butun bir jamiyatni, kelajak avlodni kuchli qilishni anglatadi.
Toshkentdagi muhtasham Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tgan Yoshlar kuni tantanalarida aynan mana shu oqilona yondashuvning amaliy isboti yaqqol ko‘rindi. Davlat tomonidan xotin-qizlarning ta’lim olishi, o‘z salohiyatini eng murakkab sohalarda ham namoyish etishi uchun berilayotgan imkoniyatlar bugun o‘z mevasini bermoqda.
Tantanali tadbirda Prezidentimiz tomonidan topshirilgan davlat mukofotlari yurt kelajagi bo‘lgan yigit-qizlar, xususan, jamiyatning eng fidokor va intiluvchan qatlamiga aylanib borayotgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan yuksak ishonch ramzi bo‘ldi. Yurtboshimiz qizlarning ilm-fan, sport va intellektual sohalardagi shiddati mamlakat taraqqiyotining eng ishonchli kafolati ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Mukofotlanganlar safida o‘zining qat’iyati, harbiy intizomi va xalqaro maydondagi yorqin g‘alabalari bilan ajralib turgan qizlar ham bor. Ulardan biri O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 2-bosqich kursanti Lobarxon Xo‘jamberdiyevadir.
Harbiy libos viqori va sportchiga xos irodani o‘zida jamlagan bu qiz bilan tadbir yakunida suhbatlashib, dunyoqarashi va intellektual darajasi qanchalik yuqori ekaniga guvoh bo‘ldik.
– Bu uchrashuv va ko‘ksimga qadalgan “Kelajak bunyodkori” medali men uchun juda katta ma’naviy mas’uliyatdir, – dedi Lobarxon Xo‘jamberdiyeva. – Bir yil davomida davlatimiz rahbari bilan ikkinchi bor yuzma-yuz suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘ldim. Muhtaram Prezidentimizning siz kabi farzandlarim borligidan faxrlanaman, degan so‘zlari menga o‘zgacha shijoat bag‘ishladi.
Jamoat xavfsizligi universitetida iqtidorli, yuragida o‘ti bor safdosh dugonalarim juda ko‘p. Mukofotni ustozlarimning bergan ta’limi va jonajon jamoamizning menga bo‘lgan ishonchi samarasi deb bilaman.
Bugun yurtimizda xotin-qizlar, ayniqsa, harbiy sohani tanlagan ayollar uchun yopiq eshiklarning o‘zi qolmadi. Asosiysi, ichki xohish kuchli bo‘lsin. Tinimsiz mehnat va berilayotgan bu tarixiy imkoniyatlarni vaqtida anglab, ulardan yurt ravnaqi yo‘lida foydalana bilishdir.
Sportga kelsak, boshlang‘ich sinfdan karate bilan shug‘ullanaman. Ko‘plab xalqaro arenalar, Osiyo va jahon chempionatlarida qatnashdim
Sportdagi g‘alabalarim jismoniy kuch va matonat mevasi sanaladi. Davlatning asl va uzoq muddatli qudrati ilm-fan, yuqori texnologiyalar hamda inson kapitalida aks etadi. Shu sababli, keyingi strategik maqsadimni ilmiy faoliyatga qaratyapman.
Magistratura bosqichida tahsilni davom ettirib, mamlakatimiz rivoji uchun zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib bormoqchiman. Nazarimda, zamon bilan hamnafas bo‘lgan harbiy ayol nafaqat jismonan baquvvat, balki yuksak intellektual salohiyatga ham ega bo‘lishi shart. Sport va san’at esa mening dunyoqarashimni boyituvchi ajralmas qism bo‘lib qolaveradi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri