Kojaelida turkiy mamlakatlar yoshlarining xalqaro uchrashuvi o‘tkazilmoqda
Turkiyaning Kojaeli shahrida “Umumiy meros, yagona yurak” shiori ostida Turkiy dunyo yoshlari uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. 11-oktabrga qadar davom etadigan tadbir turkiy xalqlar yoshlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, madaniy aloqalarni kengaytirish va mushtarak tarixiy merosni kelajak avlodga yetkazishga qaratilgan.

Kojaeli shahar hokimiyati mezbonligida tashkil etilgan uchrashuvning rasmiy ochilish marosimida Turkiya Adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari, Turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul Kurshad Zorlu, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Kojaeli shahar hokimi Tohir Buyukakin va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.

Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, tadbirga TDTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlar, shuningdek, turkiy jamoalardan 500 nafar talaba va raqamli media vakillari taklif etilgan.
Uchrashuv doirasida yoshlarning ta’lim, diplomatiya, ommaviy axborot vositalari va raqamli kommunikatsiyalar sohasidagi hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda. Xususan, turkiy dunyoning kelajagi, umumiy madaniy o‘zlik, axborot almashinuvi va ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev o‘z nutqida yoshlarning tarixiy xotirani asrab-avaylash va mushtarak madaniy merosni zamonaviy ilm-fan, san’at hamda texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishdagi o‘rnini ta’kidladi.
Yig‘inda sport sohasidagi yangi tashabbuslar ham ilgari surildi. Jumladan, Kurshad Zorlu Turkiya Yoshlar va sport vazirligi hamda Turkiya futbol federatsiyasi bilan turkiy davlatlardan kelgan futbolchilarning maqomiga oid masalalarni ko‘rib chiqish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u har ikki yilda bir marta “Turk kubogi” futbol musobaqasini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.

Uchrashuvning madaniy dasturida O‘zbekistonning “Music Bolalar” guruhi ham ishtirok etdi. Shuningdek, Qozog‘istonning “Alatau Serileri” guruhi, Qirg‘iziston vakili Gulzoda Riskulova, ozarbayjonlik xonanda Azerin va turkiyalik san’atkor Kirach o‘z chiqishlari bilan ishtirokchilarga milliy musiqa namunalarini taqdim etdi.

Anjuman dasturiga ko‘ra, ertaga yoshlar bilan ochiq muloqot va yakuniy tadbirlar o‘tkazilib, qatnashchilarga sertifikatlar topshiriladi.
Nodira Kayimova, O‘zA
Kojaeli, Turkiya