573 milliard so‘mlik soliq nizolari sudga yetmasdan hal etildi
O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, soliq to‘lovchilar huquqlarini himoya qilish hamda davlat organlari bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal etish mexanizmini kuchaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon, bir tomondan, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlasa, ikkinchi tomondan, sudlarga tushadigan ish hajmini qisqartirish hamda davlat organlari qarorlarining shaffofligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-iyul holatiga qo‘mitaga jami 573,1 milliard so‘mlik 129 ta soliq nizosi yuzasidan shikoyat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning asosiy qismi soliq auditi natijalari bilan bog‘liq. Jumladan, 91 ta murojaat – 439,1 milliard so‘mlik soliq auditi natijalari yuzasidan, 38 ta murojaat – 134 milliard so‘mlik sayyor soliq tekshiruvlari bo‘yicha kelib tushgan.
Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan aynan soliq auditi jarayonlarida qabul qilingan qarorlar yuzasidan ko‘proq e’tirozlar bildirilayotganini ko‘rsatadi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, 12,5 milliard so‘mlik 7 ta shikoyat bo‘yicha soliq to‘lovchilarning vajlari qisman asosli deb topildi. Ulardan 6 tasida 11,7 milliard so‘mlik nizo bo‘yicha qabul qilingan qarorlarga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.
Bu holat sudgacha nizolarni hal qilish mexanizmi faqat nazorat emas, balki soliq to‘lovchilarning qonuniy huquqlarini tiklashga ham xizmat qilayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, 109 ta murojaat bo‘yicha o‘tkazilgan huquqiy tahlillar natijasida 407,4 milliard so‘mlik qarorlar qonunchilik talablariga muvofiq deb topildi va ular o‘z kuchida qoldirildi. Murojaat mualliflariga qabul qilingan qarorlarning huquqiy asoslari hamda qonunchilik talablari bo‘yicha belgilangan tartibda batafsil tushuntirishlar berildi.
Hozirgi kunda 153,2 milliard so‘mlik 13 ta murojaat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganish ishlari davom etmoqda. Ularning natijalari qonunchilikda belgilangan muddatlarda qabul qilinishi kutilmoqda.
Ekspertlarning qayd etishicha, soliq nizolarini sudgacha ko‘rib chiqish tartibi bir qator muhim afzalliklarga ega. Xususan, u nizolarni tezkor hal etish, ortiqcha sud xarajatlarini kamaytirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini oshirish, tadbirkorlar bilan davlat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Soliq qo‘mitasi tomonidan murojaatlarni qonunchilik asosida ko‘rib chiqish amaliyoti soliq sohasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, adolatli qarorlar qabul qilish hamda soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga xizmat qilayotgan muhim mexanizm sifatida baholanmoqda.
Sh. Mamaturopova, O‘zA