3D-bosma texnologiyalari sanoatni qanday o‘zgartiradi?
“O‘zatom” agentligida O‘zbekiston sanoat korxonalari uchun additiv texnologiyalar (3D-bosma)ni joriy etishga bag‘ishlangan ixtisoslashtirilgan seminar bo‘lib o‘tdi.
“Rosatom-Xalqaro tarmoq” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda “O‘zatom” agentligi va “Rosatom”ning yoqilg‘i divizioni mutaxassislari additiv texnologiyalarni sanoatga joriy etishning zamonaviy yechimlari va amaliy tajribasi yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi.

Seminarda avtomobilsozlik, kimyo sanoati va konchilik sohalarida faoliyat yurituvchi 30 ga yaqin yetakchi kompaniya vakillari qatnashdi. Ularga additiv texnologiyalarning ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, murakkab detallarni 3D-bosma orqali tayyorlash, simni elektr yoyi yordamida eritib qoplash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri lazerli o‘stirish hamda teskari muhandislik usullarini qo‘llash bo‘yicha amaliy imkoniyatlar taqdim etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan Additiv texnologiyalar markazini tashkil etish istiqbollari ham muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, mazkur markaz sanoat korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, import o‘rnini bosuvchi yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda tarmoqning raqamli transformatsiyasiga katta imkoniyat ochadi.

Mutaxassislar qayd etganidek, bugungi kunda additiv texnologiyalar jahon sanoatida prototiplar yaratish bosqichidan seriyali ishlab chiqarishga tobora keng joriy etilmoqda. Bu yo‘nalishni O‘zbekistonda rivojlantirish esa yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish va mamlakat sanoatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda yanada ahamiyatlidir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA