Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki butun jahon tog‘-kon sanoatida ham e’tirof etilayotgan yirik loyihalardan sanaladi.
Ushbu majmua yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, buning natijasida yiliga 894 ming tonna mis konsentrati va 1,5 ming tonna molibden konsentrati ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Mazkur ko‘rsatkichlar 3-MBFni Markaziy Osiyodagi eng yirik, jahon miqyosida esa kuchli o‘ntalik sanoat majmualaridan biriga aylantiradi.
Hozir dunyodagi eng yirik mis-molibden boyitish fabrikalari sifatida “Cerro Verde” (Peru, yiliga 131 million tonna), “Escondida” (Chili, yiliga 91–128 million tonna), “Los Pelambres” (Chili, 64–69 million tonna), “Collahuasi” (Chili, yiliga 62–77 million tonna) va “Toromocho” (Peru, yiliga 62 million tonna) kabi korxonalar e’tirof etiladi. Ushbu qatorni inobatga olganda, O‘zbekistonda barpo etilayotgan 3-MBF o‘zining 60 million tonnalik ko‘rsatkichlari bilan “Toromocho” va “Collahuasi” darajasida, “Los Pelambres”dan biroz kichikroq, biroq shu kabi boshqa xorijiy gigant korxonalardan ustun jihatga ega. Natijada, 3-MBF jahon reytingida taxminan 5-6-o‘rinlardan joy olishi kutilmoqda.
Fabrikaning ustun jihati nafaqat ishlab chiqarish quvvatida, balki texnologik darajasi va avtomatlashtirish tizimlarining yuqoriligida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Majmuada dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari – “Metso Outotec”, “FLSmidth”, “Weir Minerals”, “Siemens” kabi kompaniyalar mahsulotlari uyg‘unlashtirilgan. Dastlabki maydalash uchun KKD-1500/200 maydalagichi, asosiy qayta ishlash uchun MSHS-7,3x13,0 sharli tegirmonlari o‘rnatilgan.
3-MBF ishlab chiqish texnik bo‘limi boshlig‘i Oybek Ismatovning ta’kidlashicha, birgina “FLSmidth” kompaniyasining yuqori bosimli maxsus maydalagichlari esa energiya sarfini 30 foizgacha kamaytirib, ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi. Flotatsiya bo‘limida “Metso Outotec”ning sanoatda mavjud eng yirik kameralaridan biri o‘rnatilgan bo‘lib, mis va molibdenni yuqori aniqlikda ajratadi. “EPRO Falcon” konsentratori mikron darajadagi zarrachalarni boyitish imkonini bersa, “LAROX press” filtrlari konsentratni yuqori darajada suvsizlantirib, uni keyingi eritish jarayoniga tayyorlaydi. Hozirgi kunda fabrikada birinchi ishlab chiqarish liniyasi muvaffaqiyatli ishga tushirilgan.
Jarayonlarni samarali boshqarish uchun zamonaviy avtomatlashtirish va dispetcherlik tizimlari joriy qilingan. Maxsus platformalar ishlab chiqarishning markaziy boshqaruv vositalari sifatida qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, maydalash, yanchish, boyitish, suvsizlantirish, suv ta’minoti va chiqindilarni boshqarish jarayonlari yagona tizim ostida nazorat qilinadi. Ishlab chiqarishni real vaqt rejimida monitoring qilish, nosozliklarni oldindan aniqlash va resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlari ham borligi esa fabrikaning yutug‘idir.
Shuningdek, APL (Advanced Process Library) va APG (Advanced Process Graphics) texnologiyalari operatorlar uchun qulay interfeys taqdim etib, tezkor qarorlar qabul qilishni yengillashtiradi. Majmuaning 20 mingdan ortiq uskuna bilan integratsiya qobiliyati esa mintaqa miqyosida yagona texnologik yondashuv sifatida ahamiyat kasb etadi.
Energiya va ekologiya samaradorligi ham 3-MBFning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Zamonaviy texnologiya tufayli elektr energiyasi tejaladi, press-filtrlar esa suvni qayta ishlash imkoniyatini yaratadi va ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi. Shu orqali fabrika iqtisodiy samaradorlik bilan bir qatorda, ekologik barqarorlik nuqtayi nazaridan ham ilg‘or loyihalardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda 3-MBF yirik xalqaro majmualar bilan bellasha oladigan darajada kuchli bo‘lib, raqamli transformatsiya va samaradorlik jihatidan esa ko‘plab global gigantlardan ustun bo‘lib, kelajak sanoati ramzi sifatida ham O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.