39 millionlik O‘zbekiston! Endi davlat qayerga qancha pul ajratadi?
Mamlakat aholisi soni avvalgi joriy hisob-kitoblarga nisbatan 810 ming nafarga ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda 39 milliondan ziyod aholi yashamoqda. Ular orasida eng katta ulush Hindiston fuqarolariga to‘g‘ri keladi — 13 ming 312 nafar. Keyingi o‘rinlarda Rossiya — 10 ming 826 nafar va Qozog‘iston — 9 ming 425 nafar fuqarolar qayd etilgan.
O‘zbekistonda mustaqillik tarixida birinchi marta aholi va qishloq xo‘jaligi bir vaqtning o‘zida ro‘yxatga olindi. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan dastlabki natijalar mamlakat haqidagi tasavvurimizni o‘zgartirishi mumkin. Eng qizig‘i, bu ma’lumotlar faqat statistika uchun emas, balki kelgusida qayerda yangi maktab qurilishi, qaysi hududda shifoxona yetishmasligi yoki infratuzilmaga qancha mablag‘ ajratilishini belgilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng katta yangilik — mamlakat aholisi soni avvalgi joriy hisob-kitoblarga nisbatan 810 ming nafarga ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda 39 milliondan ziyod aholi yashamoqda. Bu yuzasidan Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan joriy yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Tadbirni, kirish so‘zi bilan Statistika qo‘mitasi raisi — Behzod Hamrayev ochib berdi.

“Ro‘yxatga olish — shunchaki ma’lumot yig‘ish jarayoni emas. U mamlakatning bugungi qiyofasini xolis aks ettiradigan, jamiyat ehtiyojlarini aniq ko‘rsatadigan va kelajakdagi qarorlar uchun ishonchli yo‘nalish beradigan strategik axborot manbaidir" dedi u, o‘z nutqida.
Xo‘sh, bu raqamlar nima uchun muhim?
Sababi, oddiy — chunki davlatning ko‘plab qarorlari aynan aholi soni va uning qayerda yashashiga qarab qabul qilinadi. Yangi maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, ichimlik suvi tarmoqlari, yo‘llar va boshqa infratuzilma loyihalari rejalashtirilayotganda aynan shu ma’lumotlar asos qilib olinadi. Ro‘yxatga olish natijalari yana shuni ko‘rsatdiki, mamlakat aholisining yarmidan ko‘pi — 54,5 foizi shaharlarda, qolgan qismi esa qishloq hududlarida yashaydi.
Yosh tarkibi ham diqqatga sazovor: 21 milliondan ortiq aholi mehnatga layoqatli yoshda. 12 milliondan ziyod bolalar va o‘smirlar hamda qariyb 5 million nafar keksa fuqaro ro‘yxatga olingan. Bu esa kelgusida ish o‘rinlari, ta’lim va ijtimoiy himoya siyosati qanday shakllanishini belgilashda muhim omil bo‘ladi.
Ro‘yxatga olish jarayonida raqamli texnologiyalarga katta e’tibor qaratildi. Fuqarolarning 82 foizdan ortig‘i ma’lumotlarni onlayn tarzda taqdim etgan. Qolgan aholi esa mahallalarda uyma-uy yurilgan holda ro‘yxatga olingan.

Sifat nazorati uchun alohida tanlama kuzatuv ham o‘tkazilgan. Unda aholining 97,3 foizi qamrab olingani qayd etildi. Mutaxassislar bu natijani xalqaro amaliyot nuqtai nazaridan yuqori ko‘rsatkich sifatida baholamoqda.
Bundan tashqari, ro‘yxatga olish nafaqat aholi, balki qishloq xo‘jaligi sohasida ham muhim ma’lumotlarni ochib berdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, amaldagi ekin maydonlari, bog‘lar, tokzorlar, issiqxonalar va baliqchilik ob’ektlari avvalgi hisoblarga nisbatan ko‘proq ekani aniqlangan. Ayrim chorvachilik ko‘rsatkichlari esa qayta hisob-kitob qilinishiga ehtiyoj borligini ko‘rsatgan.
Mutaxassislarga ko‘ra, bu raqamlar endi shunchaki arxiv uchun saqlanmaydi. Ular davlat dasturlari, hududlarni rivojlantirish rejalari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida qabul qilinadigan qarorlarning asosiga aylanadi.

Ro‘yxatga olish natijalari til va millatlar tarkibi bo‘yicha ham qiziqarli ma’lumotlarni ochiqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat aholisining 89,4 foizini etnik o‘zbeklar tashkil etgan. Shu bilan birga, 35 million 700 ming nafar, ya’ni aholining 91,3 foizi o‘zbek tilini ona tili sifatida ko‘rsatgan. Bu ko‘rsatkich etnik o‘zbeklar ulushidan 1,9 foiz bandiga yuqori ekani qayd etildi.

Yana bir e’tiborli jihat — O‘zbekistonda bir yildan ortiq vaqtdan beri yashab kelayotgan 56 ming 860 nafar xorijiy fuqaro ham ro‘yxatga olingan. Ularning 19 ming 300 nafari Toshkent shahrida istiqomat qiladi. Mamlakatimizda yashovchi xorijliklar orasida eng katta ulush Hindiston fuqarolariga to‘g‘ri keladi — 13 ming 312 nafar. Keyingi o‘rinlarda Rossiya — 10 ming 826 nafar va Qozog‘iston — 9 ming 425 nafar fuqarolar qayd etilgan.
Mohichehra Eshmirzayeva, Doniyor Yakubov, O‘zA