38-Xalqaro informatika olimpiadasining ilk bahslari boshlandi
O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan 38-Xalqaro informatika olimpiadasining birinchi kun bahslari boshlandi.
Bugun dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan iqtidorli yosh dasturchilar murakkab algoritmik masalalarni yechish, mantiqiy fikrlash va dasturlash bo‘yicha o‘z bilim hamda mahoratini sinovdan o‘tkazayapti.
Aytish kerakki, O‘zbekistonda Xalqaro informatika olimpiadasi – IOI o‘tkazilishi mamlakat uchun ko‘plab afzalliklarni taqdim etadi. Jumladan, bu nufuzli tadbir O‘zbekistonni jahon hamjamiyatiga raqamli texnologiyalar va IT-ta’lim sohasida faol rivojlanayotgan yetakchi markaz sifatida namoyish etadi.
[gallery-30830]
Dunyoning eng kuchli IT-mutaxassislari va yirik kompaniyalar e’tibori mamlakatga xorijiy investitsiyalarni hamda yangi xalqaro loyihalarni jalb qiladi. Mahalliy yoshlar orasida dasturlash va aniq fanlarga bo‘lgan qiziqish keskin ortib, ularni yuqori texnologiyalar sohasida katta yutuqlarga undaydi.
Milliy ta’lim standartlari va kadrlar tayyorlash tizimi ilg‘or xalqaro tajribalar asosida yangilanib, zamonaviy talablarga moslashtiriladi. Mahalliy ustoz va mutaxassislar xorijlik hamkasblari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatib, IT sohasidagi eng so‘nggi metodikalarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Minglab xorijlik mehmonlar, olimlar va iqtidorli yoshlarning tashrifi yurtimizning turistik salohiyatini oshirib, infratuzilma rivojiga kuchli turtki beradi.
Bularning barchasi yangilanayotgan O‘zbekistonda ta’lim sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tiborning amaliy natijalaridan, deyish mumkin.
N.Usmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA muxbirlari