35 yillik taraqqiyot yo‘li
Mustaqilligimizning 35 yilligi oldidan
Bu yil mamlakatimiz mustaqilligining 35 yillik yubileyi keng tantana qilinmoqda. Ayni bayram arafasida 35 yillik yo‘limizni tahlil qilar ekanmiz, barcha yo‘nalishda misli ko‘rilmagan natijalarga erishilganiga guvoh bo‘lamiz.
Eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sayyora Imomova milliy parlamentarizm rivoji, qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi natijalarimiz haqida fikr-mulohazalarini bayon qildi:
— O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon 35 yillik murakkab va sharafli taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bu davr milliy davlatchilikni shakllantirish, demokratik institutlarni rivojlantirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlarini kafolatlash borasida ulkan o‘zgarishlar davri bo‘ldi.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining huquqiy asoslari yaratildi. Eng muhim qadamlardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bo‘lib, u mustaqil davlatchilikning mustahkam huquqiy poydevoriga aylandi. Taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri milliy parlamentarizmning shakllanishi va takomillashuvi bo‘ldi. Oliy Majlis mamlakat hayoti uchun zarur bo‘lgan qonunlarni qabul qilish, aholi manfaatlarini ifoda etish, davlat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda muhim o‘rin egalladi.
Ikki palatali parlament tizimining joriy etilishi esa qonun ijodkorligi jarayonini yanada takomillashtirdi. Qonunchilik palatasi va Senatning faoliyati orqali siyosiy partiyalar, hududlar va turli ijtimoiy qatlamlar manfaatlarini ifoda etish imkoniyatlari kengaydi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini boshlab berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson qadri, huquq va erkinliklari, ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bugun parlamentning vazifasi faqat qonun qabul qilish bilan cheklanmaydi. Qonunlarning hayotda samarali ishlashi, davlat dasturlarining ijrosi, byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish va aholi muammolarining hal etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
35 yillik taraqqiyot davri O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ham tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Parlament diplomatiyasi, parlamentlararo muloqot va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mamlakatning tashqi siyosiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Endilikda asosiy vazifa — erishilgan natijalarni mustahkamlash, qonunlarning sifatini oshirish, davlat boshqaruvida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, parlamentning xalq bilan muloqotini yanada rivojlantirishdan iborat.
Xulosa qilib aytganda, Mustaqil O‘zbekistonning 35 yillik taraqqiyot yo‘li, bu milliy davlatchilik, demokratik islohotlar va inson qadrini yuksaltirish yo‘lidir. Bu tarixiy tajriba kelgusi taraqqiyot uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Eng muhimi, mustaqillikning mazmuni va qadrini asrash, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda xalq manfaatlariga xizmat qiladigan demokratik institutlarni yanada kuchaytirish barchamizning umumiy vazifamizdir.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA