OKMK tarkibidagi 3-Mis boyitish fabrikasi qurilish loyihasi jahonning eng ilg‘or texnologiyalari va yuqori sifat standartlarini qo‘llagan holda amalga oshirildi. Mazkur fabrikada amalga oshirilayotgan ish jarayonlari bilan tanishtirish maqsadida OAV vakillari uchun “3-Mis boyitish fabrikasi – yangi industrial taraqqiyot sari qadam” mavzusidagi press-tur o‘tkazildi.
Dastlab jurnalistlar Markaziy dispetcherlik boshqaruv punkti faoliyat bilan tanishdi. “3-MBF – yangi sanoat g‘alabasi” nomli film namoyish etildi. Unda fabrikada shu kungacha olib borilgan bunyodkorlik ishlari aks etgan.
Ma’lumki, 2021 yil 29 iyul kuni Prezidentimiz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati negizida rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi ishlar bilan tanishgan edi. Tashrif doirasida mamlakatimiz kon sanoatidagi eng yirik bo‘lgan “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish loyihasi doirasida yangi quvvat 3-Mis boyitish fabrikasiga tamal tosh qo‘yildi.
Dunyodagi eng yirik kon-metallurgiya sanoati majmualari qatoridagi mazkur loyiha shiddat bilan amalga oshirildi. Ushbu fabrikani ishga tushirilishi jahon bozoridagi mis narxining o‘sish tendensiyalaridan samarali foydalanish, O‘zbekistonning eksport daromadlarini ko‘paytirish, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va milliy iqtisodiyotda “mis klasteri”ni tizimli rivojlantirishga xizmat qiladi.
[gallery-25912]
– Yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega 3-MBF nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmua bo‘lishi kutilmoqda, – deydi 3-Misni boyitish fabrikasi bosh muhandisi Ismoilxon Vahobov. – Fabrika yiliga 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqaradi. Joriy yilning 30 mart kuni fabrikada ilk mis konsentrati muvaffaqiyatli ishlab chiqarilishi loyihaning bosqichma-bosqich va yuqori sifat bilan amalga oshirilayotganining yorqin isbotidir. Hozirgi vaqtda “Yoshlik I” konidan qazib olingan 1,3 million tonnadan ortiq ma’dan dastlab kon hududida maydalash jarayonidan o‘tkazilib, fabrikaga yetkazildi. Natijada 17 ming tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarilib, mis eritish zavodiga yuborildi. Fabrikaning yutug‘i faqat ishlab chiqarish hajmida emas, balki jahonning yetakchi sanoat kompaniyalari texnologiyalari, avtomatlashtirish tizimlari va raqamli boshqaruv yechimlarining yagona zanjirda mujassamlashganida namoyon bo‘ladi.
Press-turda mutaxassislar tomonidan jurnalistlarga fabrika hududidagi yirik maydalangan ma’dan omboriga (SKDR) markaziy konveyer orqali ma’dan qabul qilish jarayoni ko‘rsatildi. Shuningdek, jarayonda maydalash sexi o‘rta maydalash korpusi, mayin maydalash korpusi, ma’danni tayyorlash korpusi kabi bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan ish tartibini ko‘rsatdi. Ayniqsa, flotatsiyalash jarayoni va yarim tayyor boyitmani vertikal biser tegirmonlarida yanchish barchada katta taassurot qoldirdi.
Qayd etish lozimki, bu fabrika dunyo tog‘-kon sanoatining eng ilg‘or texnika va innovatsiyalarini o‘z ichiga olgan majmua bo‘lib, O‘zbekistonni global sanoat xaritasida yangi bosqichga olib chiqmoqda. Birgina misol dengiz sathidan 665 metr yuqorida joylashgan yirik maydalangan ma’dan ombori 320 ming tonna sig‘imga ega. Unga Yoshlik-1 konidan rudalar maxsus lentalar orqali keltiriladi. Mazkur majmua 50 foiz ishga tushirilgan.
– Energiya sarfi, ruda sarfi, suv ta’minoti va yordamchi uchastkalar faoliyati bo‘yicha ma’lumotlar yagona ekranda namoyon bo‘ladi, – deydi 3-MBF sektor boshlig‘i Akmaljon Jamoliddinov. – Tizim ishlab chiqarishning barcha bosqichlarini avtomatik rejimda boshqaradi va mintaqada yagona shunday loyiha hisoblanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, fabrika to‘liq quvvatga chiqqach, 3 ming 670 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Hozirda 1 ming 250 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Shundan 301 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning ko‘pchiligi 35 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislar bo‘lib, “Muhandislar maktabi” va “Olmaliq KMK” tarkibiy bo‘linmalarida amaliyot va malaka oshirish kurslarini o‘tamoqda.
Press-tur davomida OAV vakillari soha mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Musayev, O‘zA.