22 nafar fidoyi kasb egalari "Faxriy temiryo‘lchi" belgisi bilan taqdirlandi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida “Temir yo‘l transporti xodimlari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, korxonalarda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi-xodimlar ishtirok etdi.
Tadbirda qayd etilganidek, temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida soha yangi bosqichga ko‘tarilib, salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Bu muvaffaqiyatlar, avvalo, davlatimiz rahbarining temir yo‘l sohasini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuksak e’tibori samarasi bo‘ldi.

Bu yilgi kasb bayramini temiryo‘lchilar mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi oldidan xalqimiz orzu qilgan katta loyihalarning hayotga tatbiq etilishi bilan kutib olmoqda. O‘tgan bir yil davomida temir yo‘l sohasida davlatimiz rahbari va yurtdoshlarimiz e’tiborida bo‘lgan bir nechta yirik loyihalar muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi.
Xususan, “Toshkent – Xiva – Toshkent” yo‘nalishida “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi. Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasida ishlab chiqarilgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarning 3 tasi yurtimizga keltirildi. Ushbu poyezdning harakatga qo‘yilishi uchun “Navoiy – Buxoro” yo‘nalishida ham yuqori tezlikka moslashtirilgan 92,1 kilometrlik ikkinchi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi bunyod etildi.
Shuningdek, “Samarqand – Urgut” yo‘nalishida 54,4 kilometrlik yangi liniya qurilishi yakunlanib, “Samarqand – Urgut – Samarqand” yo‘nalishida yangi yo‘lovchi poyezdi harakati yo‘lga qo‘yildi. “Baytqo‘rg‘on – Parkent” oralig‘ida ham 24 kilometrlik yangi elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi qurilishi yakunlandi. 2027-yilda “Toshkent – Nukus – Toshkent” yo‘nalishida ham “Jaloliddin Manguberdi” poyezdini yo‘lga qo‘yish kutilmoqda. Buning uchun 196,12 kilometrlik “Miskin – Nukus” temir yo‘li yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar uchun moslashtirilib, elektrlashtirilmoqda.

Qolaversa, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi “Sobir Rahimov” va “O‘rtaovul” stansiyalari oralig‘ida joylashgan temir yo‘l kesishmasi o‘rnida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich qurilmoqda.
“Nurafshon – Piskent – Bo‘ka – Bekobod – Boyovut – Yangiyer” yo‘nalishida 110 kilometrlik elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi boshlandi.
103 kilometrlik “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” yangi temir yo‘l liniyasi barpo etilmoqda.
Soha xodimlari tomonidan “Urganch” vokzalidan “Urganch” aeroportigacha 10,85 kilometrlik elektrlashtirilgan yangi temir yo‘l liniyasi qurildi.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi va yo‘lga qo‘yilayotgani, eng avvalo, turizm salohiyati va jozibadorligini oshiradi, shuningdek, yuk va yo‘lovchi tashish tezligi bir necha barobarga ortib, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati yanada yaxshilanadi. Eng muhimi, ekologiya va atrof-muhit musaffoligi saqlanishiga erishiladi.

Muxtasar qilib aytganda, temiryo‘lchilar bu yilgi kasb bayramini yaxshi natijalar bilan kutib olishmoqda, biroq 2027-yilda ham mas’uliyatli vazifalar bor.
Tadbirda temir yo‘l transporti sohasidagi uzoq yillik samarali mehnatlari, ishdagi yutuqlari va tashabbus ko‘rsatganliklari hamda temiryo‘lchilar kasb bayrami munosabati bilan 22 nafar soha xodimlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati nomidan “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA